Amerika qo‘shma shtatlarining Toshkentdagi elchixonasida AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Deniel Rozenblyum bilan tanishuv konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyada yangi elchi Deniel Rozenblyum o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatlashdi va o‘zidan avvalgi faoliyat yuritgan elchiga minnatdorchilik bildirgan holda O‘zbekistondagi amalga oshirishni ko‘zlagan ish rejalari bilan tanishtirdi.
Deniel Rozenblyum O‘zbekistondagi faoliyatida e’tibor qilajak beshta asosiy yo‘nalishlarni keltirdi.
Ular:
1. Xavfsizlik borasidagi aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish;
2. O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarida faol ishtirok etish;
3. Inson huquqlarini himoya qilishda va faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda faol ko‘maklashish;
4. AQSh va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
5. AQShning yirik kompaniyalarining O‘zbekistonga investitsiya kiritishiga ko‘maklashish;
Elchi janoblari mazkur besh yo‘nalishni sanab o‘tar ekan, ularning har birini alohida sharhlab berdi. Xususan, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari ijobiy natijalarga olib kelishiga ishonishini bildirdi.
U AQSh ham islohotlar borasida bir qancha rivojlangan davlatlar qatori o‘ziga xos tajriba va malakaga ega ekanligini ta’kidlagan holda O‘zbekistonga sud huquq tizimi, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taklif, maslahatlar bilan ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Inson-huquqlari borasida esa “AQSh nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham e’tiqod, fikr erkinliklarini himoya qilishda faol qatnashib keladi, zarur bo‘lsa, bu borada o‘z e’tirozlarini ham bildiradi. Chunki inson huquqlari va erkinliklari AQShning barcha davlatlar bilan olib boruvchi tashqi siyosati asosini tashkil etadi”, deydi elchi janoblari.
Shu o‘rinda Deniel Rozenblyum inson huquqlari borasida O‘zbekistonda so‘nggi ikki yarim yil ichida ijobiy o‘zarishlar bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.
“Avgust oyining so‘nggi haftasida Samarqandda bo‘lib o‘tajak “Sharq taronalari” festivalida mehmon, tomoshabin sifatida qatnashaman. Unda AQSh davlatidan ham milliy yo‘nalishda ijod qiluvchi musiqiy guruh ishtirok etadi. Bu madaniy sohadagi hamorliklarimizning kichik bir misoli. Men madaniy sohadagi almashinuvlarni rivojlantirishni istardim. Chunki, bu ikki xalqning bir-birini yaqindan tanishishiga yordam beradi”, deydi Rozenblyum.
Elchi janoblarining so‘zlariga ko‘ra, beshinchi yo‘nalish, ya’ni iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
“O‘zbekistonda tadbirkorlikka katta ahamiyat qaratilayotgani va ularga qulay sharoit yaratilayotgani sabab O‘zbekiston bozoriga amerikalik tadbirkorlarning o‘z mahsulotlarini olib kirishida va foydali investitsiya kiritishida yordamlashmoqchiman. Bu borada amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Xabaringiz bor, ikki hafta oldin AQShning 13 ta kompaniyalaridan iborat guruh Toshkentga keldi. Ular mahalliy tadbirkorlar va davlat organlari vakillari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Deyarli ularning bari menga O‘zbekistonda biznes yuritish bo‘yicha sharoit qoniqarli ekanligini bildirdi.
Bir hafta ilgari yigirma yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan “Honeywell” kompaniyasining kengaytirilgan o‘quv markazi ochilishi marosimida ishtirok etdim. Ular O‘zbekistonga nafaqat pul, balki ish o‘rinlari yuqori texnologiyalar hamda malaka va bilim olib kirmoqda. AQSh kompaniyalari inson kapitaliga investitsiya kiritishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu inveestitsiyaning eng samarali turlaridan biridir”, deydi Deniel Rozenblyum.
“Inson huquqlari borasida O‘zbekistonda so‘nggi ikki yarim yil ichida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev bu borada katta qadam tashladi. Biz e’tiqod erkinligi bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganini, o‘z qarashlari tufayli qamoqqa olingan bir qancha fuqarolarni jazoni o‘tash joylaridan ozod etilganini kuzatdik. Shuningdek, mamlakatdan tashqariga chiqish “OVIR”lari ham bekor qilindi. Bularning bari e’tiborga molik o‘zgarishlardir”, deya fikr bildirdi Deniel Rozenblyum.
Anora Sodiqova, O‘zA