Tunis Respublikasida Butunjahon telekommunikatsiya – AKT ko‘rsatkichlari 15-simpoziumi bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro Elektraloqa ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda, deb xabar berdi vazirlik Axborot xizmati.
WTIS forumida “Axborotlashgan jamiyat ko‘rsatkichlari” reytingi e’lon qilinib, AKT ni rivojlantirish bo‘yicha 190 dan ziyod davlatlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarning so‘nggi natijalari ma’lum qilinadi. Xalqaro Elektraloqa ittifoqining 2017-yildagi hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekiston AKT ni rivojlantirish indeksida 8 o‘rin yuqoriga ko‘tarilib, 192 mamlakat orasida 95-o‘rinni egalladi. Aytish joizki, 2016 yilda O‘zbekiston avvaliga 110-o‘rinni, Xalqaro Elektraloqa ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan qayta o‘rganishlar natijasida esa, 103-o‘rinni egallagan edi. Simpoziumida O‘zbekiston AKT ni jadal rivojlantirayotgan davlat sifatida taqdirlandi.
WTIS simpoziumi – bu davlatlardagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish holatini baholaydigan bosh xalqaro forum hisoblanadi. 1996 yildan boshlab forumda mamlakatlardagi AKT ma’murlari rahbarlari, yirik biznesmenlar, yetakchi olim hamda ekspertlar ishtirok etib kelishmoqda. Unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish holati, mavjud muammo va yechimlar muhokama qilinadi.
Joriy yilda ham “sun’iy intellekt”, “salmoqli ma’lumotlar”, “bulutli” texnologiyalar hamda internet-buyumlar kabi jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlar yuzasidan taqdimotlar qilinmoqda. Natijalar asosida Xalqaro Elektraloqa ittifoqining sayyoramiz bo‘ylab zamonaviy AKT tendensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalari belgilanadi.