Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Janubiy-sharqiy Osiyo, shuningdek, Rossiya va Mo‘g‘uliston mamlakatlarida kuzatilayotgan kuchli yog‘ingarchilik hududlardagi suv toshqinlarini keltirib chiqarmoqda.
Xususan, Rossiyaning Irkutsk viloyatining 5 ta tumanini suv bosgan. Mamlakat favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hududdagi tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni 20 taga yetgan, 650 ga yaqin aholiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Yaponiyaning Kyusyu orolida yuz berayotgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatidagi suv toshqinlarida hukumat buyrug‘i bilan 800 ming kishi evakuatsiya qilingan.
Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh, Madxya-Pradesh va Maxarashtra shtatlarida kuchli yog‘ingarchilik 40 ga yaqin kishi hayotiga zomin bo‘lgan. 30 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan. Jumladan, suv toshqinlarida Mumbay, Txana va Puna shaharlaridagi bino devorlarining qulab tushishi oqibatida 25 kishi halok bo‘lgan.
Mo‘g‘ulistonning Xentiy provinsiyasida kuzatilayotgan kuchli yog‘ingarchiliklar mamlakat aholisi uchun noqulayliklar paydo qilmoqda. Mahalliy metrologiya xizmati xabariga ko‘ra, hududdagi ushbu noqulay iqlim sharoiti 4 iyul kunigacha davom etadi. 5 iyul kuni mamlakatda o‘rtacha havo harorati 30 daraja issiq bo‘lishi kutilmoqda.
Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA