Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Xalqimizning milliy oʻzligini, qadimiy tarixi va tilini, uning hayot tarzi, anʼana va urf-odatlarini oʻzida mujassam etadigan, umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi sifatida tan olingan baxshichilik sanʼati atoqli baxshi-shoirlarimiz, folklorshunos olimlarimizning fidoyi mehnati, ijodiy tafakkuri bilan asrlardan asrlarga oʻtib kelmoqda.

Xalqimizning yuksak badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu noyob sanʼatni asrab-avaylash va rivojlantirish boʻyicha mamlakatimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizda “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlangani, Termiz shahrida bu ulugʻ badiiy obida sharafiga, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmualari bunyod etilgani, davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni taʼsis qilinganini qayd etish lozim.

Bugungi kunda Termiz shahrida baxshichilik maktabi, respublikamizdagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida folklor sinflari faoliyat koʻrsatmoqda. Yurtimizda koʻp tomlik “Qoraqalpoq folklori” toʻplamlari chop etildi, 100 tomlik “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda. Baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Yaqinda Termiz shahrida ilk bor oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali xalqaro miqyosdagi yirik madaniy hodisa sifatida keng eʼtirof etilgani alohida eʼtiborga loyiq.

Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan “ommaviy madaniyat”, shou-biznesning salbiy taʼsiri tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda folklor sanʼatiga eʼtibor va qiziqish susayib borayotgani, koʻp joylarda unutilib, himoya va muhofazaga muhtoj boʻlib turgani kuzatilmoqda.

Xalqimiz madaniyatining hayotbaxsh sarchashmasi boʻlgan baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish, uning milliy madaniyatimiz va sanʼatimizdagi oʻrni va ahamiyatini yuksaltirish, yosh avlodni milliy oʻzlikni anglash, Vatanga sadoqat, tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va Surxondaryo viloyati hokimligining Termiz shahrida davlat muassasasi shaklida Respublika Baxshichilik sanʼati markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) hamda uning huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish haqidagi takliflari maʼqullansin.

2. Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

baxshichilik sanʼatining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur oʻrganish va mustahkamlash;

sohada shakllangan ijodiy maktablarning oʻziga xos ijro uslublari, “ustoz-shogird” anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish;

baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;

madaniyat markazlari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari va boshqa taʼlim muassasalari qoshida baxshichilik sanʼati toʻgaraklarini tashkil etish;

baxshi-shoirlar ijodiga keng yoʻl ochib berish, ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini taʼminlash;

baxshichilik sanʼatining sara namunalarini toʻplash va fondini yaratish, ularning audio va video variantlarini koʻpaytirish, bu sohani yurtimizda va dunyoda keng targʻib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish;

baxshichilik sanʼati yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, bu borada oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, jumladan, turli xalqaro anjumanlar va tanlovlar, konsertlar va mahorat darslarini tashkil etish.

3. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

moliyaviy va tashkiliy yoʻnalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish;

mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan baxshi-shoir, oqin va jirovlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;

Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni baxshichilik sanʼatiga oid zarur adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalar va davriy nashrlar bilan taʼminlash;

madaniyat va sanʼat muassasalari qoshidagi baxshichilik toʻgaraklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zarur cholgʻular va jihozlar bilan taʼminlash;

baxshichilik sanʼati bilan bogʻliq ilmiy-tadqiqotlar, nashr ishlari hamda kompleks ilmiy ekspeditsiyalarni moliyalashtirish;

baxshichilik sanʼatiga doir homiylikni rivojlantirish, sohaga xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish;

qonunchilikda belgilangan manbalardan tushadigan mablagʻlarni jamgʻarish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash.

4. Quyidagilar:

Baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga;

Respublika Baxshichilik sanʼati markazining tarkibiy tuzilmasi 2-ilovaga;

Respublika Baxshichilik sanʼati markazi huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashining tarkibi 3-ilovaga;

Respublika Baxshichilik sanʼati markazi huzuridagi Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direksiyasi tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziriga, zarurat boʻlganda, Markaz va Jamgʻarma tuzilmalariga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

ikki oy muddatda Markaz va Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari nazarda tutilsin;

Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Termiz shahridagi baxshichilik maktabi negizida baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan Respublika maktab-internatini tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda baxshichilik sanʼati rivoji uchun zarur boʻlgan musiqa cholgʻulari (doʻmbira, sibizgʻa, chanqovuz, qoʻshnay, gʻajirnay, boʻlamon, qoʻbiz kabilar) ishlab chiqaradigan ustalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ustaxonalar uchun joy ajratish, maxsus yogʻoch va metall mahsulotlari bilan taʼminlash choralarini belgilasin;

Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda baxshi-shoir, jirov va oqinlar tomonidan ijro etiladigan asarlar kuylarini notalashtirish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirsin;

YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi bilan birgalikda oʻzbek xalqining koʻhna va betakror sanʼati namunasi boʻlgan baxshichilik sanʼatini YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga kiritish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida baxshichilik sanʼati davlat ansambllarini, ushbu sanʼat turi rivojlangan boshqa hududlarda esa viloyat ansambllarini tashkil etsin;

tegishli hududlarda bolalar musiqa va sanʼat maktablari qoshida baxshichilik sanʼati sinflarini tashkil etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

6. Surxondaryo viloyati hokimligi Markaz va Jamgʻarma uchun bino ajratish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda avtotransport vositasi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ustoz baxshilar va dostonchilar, yosh ijrochilar, baxshichilik sanʼati durdonasi hisoblangan mashhur dostonlar haqida koʻrsatuv va eshittirishlar, maqolalar tayyorlash va eʼlon qilib borish hamda mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 14 may

 

O’zA