“ – Men o‘z mablag‘i, tashkilotchiligi bilan hech bo‘lmaganda 2-3 ta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman, deb aytgan gaplarimni bugun ham takrorlashdan charchamayman. Mana, Samarqandning o‘zida shuncha korxonalar ochilib, ming-minglab ish o‘rinlari yaratilayotgan ekan, buning uchun viloyatdagi barcha kichik biznes va tadbirkorlik sohasi vakillariga chin yurakdan rahmat aytmoqchiman, – dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so‘zlagan nutqida.
– Haqiqatan ham, xalq, davlat nimaning hisobidan boy va qudratli bo‘ladi? Eng avvalo, shu yo‘lda kuchini, bilim va tajribasini, kerak bo‘lsa, moliyu jonini ayamaydigan sizlardek tadbirkorlar hisobidan.
Bizning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida olib borayotgan islohotlarimizni jahon hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar tan olayotgani – bu avvalo sizlarning mehnatingizga berilgan bahodir. Shaxsan men shunday deb hisoblayman.
Agar sizlardan harakat bo‘lmasa, faqat farmon va qarorlar bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun men tadbirkor – bu taraqqiyot lokomotivi, yurt tayanchi, deb aytishga, sizlarni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.
Yaqinda Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan bu yilgi biznes sohasidagi xalqaro reyting haqida ommaviy axborot vositalari xabar e’lon qildi. O‘zbekiston ushbu reytingda 13 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 190 ta mamlakat orasida 74-o‘rinni egalladi. Bu borada jahondagi eng ilg‘or 10 ta islohotchi davlat qatoridan joy oldik. Bu – juda katta yutuq, juda katta e’tirof”, – dedi davlatimiz rahbari.