Qirgʻiz diasporasi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga Yoqutistonda mehnat muhojirlariga qoʻyilgan taqiq bilan bogʻliq masalani hal etish boʻyicha murojaat yoʻllamoqchi.
“RIA Novosti”ning yozishicha, bu haqda “Qirgʻiz birligi” hududlararo jamoatchilik tashkiloti raisi Abdugʻani Shokirov “Govorit Moskva”ga bergan intervyusida maʼlum qilgan.
Xabarda qayd etilishicha, avvalroq, Yoqutiston Respublikasi rahbari Aysan Nikolayev muhojirlarga qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, bunyodkorlik, savdo va boshqa sohalarda mehnat qilishni taqiqlovchi hujjatni imzolagan boʻlgan.
A.Shakirovning fikricha, mazkur hujjat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi kelishuvlar va Rossiya qonunchiligiga zid.
Uning soʻzlariga koʻra, respublikaga “moslashgan” muhojirlar oʻz ish va yashash joylarini oʻzgartirishi qiyin kechadi.
”Biz albatta, birinchi navbatda Prezidentga murojaat qilamiz. Shundan soʻng muammo davlatlararo darajada yechilishi kerak. Bu juda nozik masala”, degan u.
OAVning soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, Yoqutiston rahbari yordamchisi Irina Yefimova respublikada mehnat muhojirlariga qoʻyilgan taqiq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, xususan Qirgʻiziston fuqarolariga taʼsir qilmasligini maʼlum qilgan. “Farmonda ochiq-oydin qilib yozilgan, taqiq patent asosida mehnat qilayotgan xorijlik muhojirlarga aloqador” degan u.
Eslatib oʻtamiz, bugun, 28 mart kuni RF Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Qirgʻizistonda boʻlib turibdi.
OʻzA