Auditorlik faoliyatiga litsenziyani Moliya vazirligi beradi

Hukumat qarori bilan Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangani haqida “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Nizomga muvofiq, litsenziya Moliya vazirligi tomonidan beriladi.
Litsenziya olish uchun arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
mehnat daftarchasi;
ishga qabul qilinganlik toʻgʻrisidagi buyruq nusxasi.
Ilgari, auditor malaka sertifikatlari hamda buxgalter xalqaro sertifikatlarining nusxalari, auditorlik tashkiloti ustav kapitalining toʻliq shakllantirilganligini tasdiqlaydigan hujjat nusxasi ham taqdim etilgan.
Arizani koʻrib chiqish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari (202 ming 730 soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi va ariza 15 kalendar kunda koʻrib chiqiladi.
Eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida, (ilgari 4 baravari edi) davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganidan va litsenziya bitimi imzolanganidan soʻng ikki kunda litsenziya beriladi.
Litsenziya uning amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladi.
Litsenziya berish quyidagi hollarda rad etiladi:
auditorlik tashkiloti tomonidan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan holda taqdim etilganda;
hujjatlarda ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
auditorlik tashkiloti litsenziya talablari va shartlariga muvofiq boʻlmaganida.

 

OʻzA