Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5653-son Farmoniga muvofiq:
Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
2019-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirish dasturi 5-ilovaga muvofiq;
“Koʻzi ojizlar bosmaxonasi” korxonasining matbaa uskunalarini modernizatsiya qilish, binolari va ishlab chiqarish xonalarini taʼmirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan “Koʻngilkoʻzi” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi(keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tizimi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 127 nafar, jumladan, markaziy apparati – 81 nafar va hududiy boʻlinmalarda – 46 nafar etib belgilansin. Bunda, ularning 101 nafari, shu jumladan, markaziy apparatning 55 nafar va hududiy boʻlinmalarning 46 nafar xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan, markaziy apparatning 26 nafar xodimlari – Oʻzbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
3. Agentlik direktoriga:
zarur hollarda, boshqaruv xodimlarining belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Agentlik va uning boʻlinmalari tashkiliy-shtat tuzilmalariga oʻzgartirishlar kiritish;
Agentlikning hududiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek, idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlarning nizomlari va tuzilmalarini tasdiqlash;
Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda – davlat organlari va boshqa tashkilotlar), nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-taʼlim muassasalari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni maslahatchilar sifatida shartnoma asosida jalb etish;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xodimlarga asosiy egallab turgan lavozimlari boʻyicha lavozim maoshlariga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar, har oylik ish haqi fondining
300 foizidan oshmagan miqdorda ustama va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni belgilash huquqi berilsin.
4. Belgilansinki:
Agentlik Oʻzbekiston Respublikasining axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan uch nafar oʻrinbosarlar, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega boʻladi;
Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosariga, uning oʻrinbosarlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;
Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari axborot sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilot va idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasining 7-ilovaga muvofiq tarkibda PR-markaz funksiyalarini amalga oshirish boʻyicha Idoralararo ishchi guruhini tuzish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar Idoralararo ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Agentlik tomonidan PR-faoliyatni tashkil etishning ustuvor vazifa va yoʻnalishlarini, konseptual asoslarini ishlab chiqish, ushbu sohada samarali idoralararo muvofiqlashtirishni yoʻlga qoʻyish;
iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiyaga ehtiyoj va salohiyatli loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish jarayonlarini va biznes-forumlar tashkil etishni PR jihatidan qoʻllab-quvvatlash uchun doimiy asosda axborot materiallarini tayyorlash;
mamlakatimiz investitsiya salohiyati toʻgʻrisidagi axborotni toʻplash va tahlil qilish, istiqbolli investitsiya takliflari roʻyxatini, xorijiy investorlar uchun zarur taqdimot materiallarini tayyorlash uchun maʼlumotlarni shakllantirish boʻyicha tadbirkorlik subyektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
jahon axborot makonida Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va ilgari surish, mamlakatning investitsiya muhiti va turistik salohiyatini targʻib etish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish.
6. Belgilansinki:
Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, Jamgʻarma mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari tegishli ravishda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpogʻiston matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalarining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Agentlik faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda u bilan kelishilishi shart;
Agentlik davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tayyorlanadigan va keyinchalik teleradiokanallarda, jumladan, nodavlat teleradiokanallarda translyatsiya qilishga moʻljallangan ijtimoiy rolik va eʼlonlarni tayyorlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi.
7. Xalq taʼlimi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili 1 martga qadar Agentlikka, istisno tariqasida, uning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun tegishli oʻquv yilida oʻquv adabiyotini nashr etish va nusxasini koʻpaytirish uchun zarur xomashyo va sarf materiallarini xarid qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasining shu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlari doirasida avans mablagʻlarini ajratsin.
Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatdaAgentlikka xomashyo va sarf materiallarini xarid qilish uchun avans mablagʻlarini ajratish, ularni xarid qilish va noshirlik-matbaa korxonalari oʻrtasida taqsimlash, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun oʻquv adabiyotini nashr va qayta nashr etish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirishda ushbu mablagʻlar hisobini yuritish tartibini tasdiqlasin.
8. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga idoraviy boʻysunuvidagi matbuot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash boʻlinmalari)ning sifatli faoliyat yuritishi, ular oldiga qoʻyilgan vazifalarning samarali bajarilishi, shuningdek, ularni malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Agentlik bilan birgalikda 2019 yilda zamonaviy ixtisoslashgan kitob doʻkonlari, noshirlik-matbaa korxonalarini modernizatsiya qilish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning aylanma mablagʻlarini toʻldirish, yangi kitob doʻkonlarini qurish, shuningdek, darsliklar va boshqa bosma mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlarning kredit liniyalari hisobidan mablagʻlarning jalb etilishini taʼminlasin.
12. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar Agentlik tizimidagi obyektlar va mol-mulkni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va Agentlikning idoraviy boʻysunuvidagi korxonalarini xususiylashtirish, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikni joriy etish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadigan Respublika noshirlik-matbaa tarmogʻini rivojlantirish kompleks dasturini tasdiqlasin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari talabnomalariga koʻra milliy kitob va bosma mahsulotlarni sotish boʻyicha koʻchma kitob pavilonlarini joylashtirish uchun jamoat joylarida (markaziy koʻchalar, istirohat bogʻlari, bozorlar, temir yoʻl vokzallari, metropoliten bekatlariga kirishda va boshqa) boʻsh turgan yer maydonlarining begʻaraz asosda berilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, jumladan, harbiy qismlarda idoraviy kutubxonalar faoliyat yuritishi hamda ularning fondi Agentlik takliflari asosida har yili yangilanib borilishini nazarda tutadigan hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va qabul qilsin;
bosma mahsulotlar hamda davriy bosma nashrlarning majburiy bepul nusxalarini oluvchi tashkilotlar roʻyxatini qisqartirishni hisobga olgan holda ularni tarqatish tartibini qayta koʻrib chiqsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Agentlik takliflari asosida respublika oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalari kutubxonalarini toʻldirish uchun badiiy adabiyotlar roʻyxatini shakllantirsin va har yili ushbu adabiyotlarni xarid qilish uchun zarur mablagʻlarni ajratsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda Agentlikni aloqa, shu jumladan, hukumat aloqasi vositalari bilan, shuningdek, keng polosali Internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
17. Agentlik Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Navoiy koʻchasi, 30-uy manzili boʻyicha begʻaraz foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
18. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 5 ta, shu jumladan, 4 ta shaxsiy biriktirilgan va 1 ta navbatchi xizmat yengil avtomobillari sotib olish va saqlash uchun limit belgilansin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 sentyabrdagi PQ-3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati quyidagi mazmunda 30-band bilan toʻldirilsin:
“30. Taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik jamlamalarni nashr etish (qayta nashr etish) uchun moʻljallangan qogʻoz va boshqa sarflash materiallari”.
20. Agentlik Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 2 fevral
O’zA