“Real” Yevropaning eng serdaromad klubiga aylandi

Moliyaviy faoliyatlarni tahlil qilib boradigan mashhur Deloitte kompaniyasi Yevropa futbol klublarining 2017-18 yilgi daromadlari haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi.
Roʻyxatni Madridning “Real” klubi boshqarib bormoqda. “Qirollik klubi” oʻtgan yilgi mavsumda rekord darajada, yaʼni 750,9 million yevro daromad koʻrgan. Natijada Chempionlar ligasining amaldagi gʻolibi “Barselona” va “Manchester Yunayted” klublarini sezilarli farq bilan ortda qoldirdi.
Kataloniyaning bosh jamoasi “Barselona” esa 2017-18 yilgi futbol mavsumi davomida jami 690,4 million yevro ishlab topgan. Bungacha roʻyxatni boshqarib kelgan Angliyaning “MYU” klubi esa oʻtgan mavsumdagi 666 million yevrolik daromadi bilan umumiy roʻyxatda 3-oʻringa tushib ketdi. “Qizil iblislar”ning bu muvaffaqiyatsizligi jamoa qayd etayotgan qoniqarsiz natijalarga bogʻliq, deyish mumkin. Zero, na ichki, na xalqaro maydonlarda tuzukroq natijaga erisholmayotgan klubga investorlar pul berishadimi?
Deloitte kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan roʻyxatdagi dastlabki 10 klubdan 6tasi Angliya Premyer-ligasi vakillaridir. Roʻyxatga “Manchester Yunayted”dan tashqari tumanli albionning “Manchester Siti”, “Liverpul”, “Chelsi”, “Tottenxem” va “Arsenal” klublari ham kiritilgan.
Top-10dan yana Myunxenning “Bavariya” (umumiy roʻyxatda 4-oʻrin) hamda soʻnggi yillarda Fransiya chempionatida gegemonlikni qoʻlga olgan “Pari Sen-Jermen” (6-oʻrin) klublari ham oʻrin olishgan.
Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi esa 167,8 million yevro yillik daromadi bilan Top-30dan joy olgan Rossiyaning yagona vakili boʻldi. Piterliklar ushbu roʻyxatda “Sevilya”, “Benfika” hamda “Lion” kabi Yevropada ancha taniqli klublarni ortda qoldirishgan.

 

Otabek Eshmamatov, OʻzA