Joriy yilning 16-23 yanvar kunlari Hindistonning Kalkutta shahrida anʼanaviy karate boʻyicha oʻtgan Osiyo chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi 11 oltin, 9 kumush, 7 bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoamizni vazirlik va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport muxlislari tantanali ravishda kutib oldi.
Hindistonda oʻtgan nufuzli musobaqada qitʼamizning 11 davlatidan kelgan karatechilar sovrinli oʻrinlar uchun bahslashdi. Unda ishtirok etgan 21 sportchimiz Oʻzbekiston karate maktabi salohiyatini yana bir karra namoyish etdi.
Chempionatda Jahongir Abduvahobov, Muzaffar Hojiyev, Hojiahror Ibrohimov, Mehrojiddin Jalolov, Umarxon Muhammadiyev, Sanjar Ulashev, Omina Sulaymonova oʻz vazn va yoʻnalishlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Toshtemir Poʻlatov va Nodirxon Soliyev ikki yoʻnalish boʻyicha oltin medalga ega boʻldi.
– Xalqaro maydondagi nufuzli musobaqalarda qatnashayotgan har bir sportchimiz ortida oʻzini mana shu darajaga yetkazgan Vatanimiz, xalqimiz turganini, yaratilayotgan sharoitlarning barchasi istiqlolimiz sharofatidan ekanini chin dildan his qiladi, – deydi Osiyo chempioni Jahongir Abduvahobov. – Mana shu tuygʻu biz, sportchilarga katta kuch-quvvat va ishonch beradi.