Oʻtgan dam olish kunlari Angliya Premyer-ligasida 23-tur oʻyinlari oʻtkazildi.
Mazkur turda yetakchi jamoalarning barchasi gʻalaba qozonishdi, faqat “Chelsi” bundan mustasno. Boisi, ular 23-turda hamshaharlari va Angliya grandlaridan biri “Arsenal” bilan kuch sinashdi. Agar “aristokratlar” ham zafar quchishganida, u holda Top-6likda “toʻpchilar” magʻlubiyat alamini totib koʻrishlariga toʻgʻri kelardi. Xullas 23-tur taqvimi kuchlilarning barchasiga ham gʻalaba nashidasini surish imkonini bermasdi.
Chempionat peshqadami “Liverpul” “Manchester Siti”dan uchralgan magʻlubiyatdan keyin oʻzlariga kelishi qiyin kechmoqda. Bu Klopp shogirdlarining “Kristal Pelas”ga qarshi kechgan oʻyinida ham tasdigʻini topdi. Bungacha hech bir jamoa joriy mavsum “Liverpul” darvozasiga ikkitadan ortiq gol urisholmagandi. Ammo chempionat autsayderlaridan biri Alissonni naqd uch marotaba ranjitishga muvaffaq boʻldi. Yaxshiyamki Klopp jamoasida Muhammad Salohdek futbolchi bor, aks holda…
Ole Gunnar Sulsher boshqaruvida faqat va faqat gʻalaba qozonib kelayotgan “Manchester Yunayted” bu safar ham muxlislarini quvontirdi. Ular “Old Trafford”da “Brayton” klubi bilan kuch sinashdi va oʻyin taqdiri amalda birinchi boʻlimdayoq hal etildi. Avvaliga Pogba 11 metrlik jarima zarbasidan keyin hisobni ochgan boʻlsa, Dalot-Reshford kombinatsiyasidan soʻng Markus olis burchakni aniq nishonga ola bildi – 2:0. Ikkinchi boʻlimda “Brayton” hisobdagi farqni qisqartirishga erishdi, ammo boshqasiga ularning qurbi yetmadi.
Turning markaziy oʻyinida “Arsenal” va “Chelsi” klublari toʻqnash keldi. “Emireyts”da kechgan oxirgi 12ta oʻyinda “aristokratlar” gʻalaba qozona olishmayotgan edi. Roman Abramovich jamoasi oʻzlari uchun noxush anʼanaga bu safar ham barham berisholmadi. 14-daqiqada Lyakazett “toʻpchilar”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Shundan soʻng “Chelsi” tashabbusni oʻz qoʻliga olishi kutilgandi. Ammo Unay Emeri shogirdlari oʻyinning borishini nazorat qilishdi va birinchi boʻlim oxirlarida Loran Koselni yelkasi bilan darvozani ishgʻol etib, oʻyinga yakuniy nuqtani qoʻydi.
“Manchester Siti” uchun oʻtgan yil oxirlaridagi omadsizliklar ortda qolgan shekilli, ular hech bir jamoani ayab oʻtirishmayapti. Bu safar Gvardiola jamoasi chempionat autsayderi “Xaddersfild”ga, boz ustiga safarda hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Uchrashuvni toʻliq tashabbus bilan oʻtkazgan “shaharliklar” raqib darvozasiga javobsiz uchta gol kiritishdi. Toʻplarga Danilo, Sterling va Sanelar mualliflik qilishdi. Darvoqe, Daniloning goli “Man. Siti” klubi tomonidan 2018-2019 yilgi mavsumda barcha turnirlarda kiritilgan yuzinchi gol sifatida tarixga kirdi. Bu borada “shaharliklar” Yevropa klublari orasida yaqqol peshqadam boʻlib turishibdi.
Va nihoyat turning soʻnggi uchrashuvida “Tottenxem” hamshaharlari “Fulxem” mehmoni boʻlishdi. Klaudio Ranyeri shogirdlari uchrashuvni faol tarzda boshlashdi. Bu tushunarli, zero autsayderlar safida borayotgan jamoa uchun gʻalaba suv va havodek zarur edi. Ular 17-daqiqada hisobni ochishdi, aniqrogʻi bunga mehmonlar koʻmaklashib yuborishdi. Soʻnggi vaqtlarda zaxira oʻrindigʻida qolib ketayotgan “shporlar”ning ispaniyalik hujumchisi Lorente shu qadar golga chanqoq ediki, raqib darvozasiga yoʻl topavermagach bexosdan oʻz darvozasini ishgʻol etib qoʻydi. Ammo, qolgan vaqt oraligʻida Maurisio Pochettino shogirdlari ikki bor muvaffaqiyat qozondi va gʻalabani yulib olishdi. Ayniqsa, Uinksning toʻpi 90+4 daqiqada kiritilgani bu gʻalabaning qiymatini oshiradi.
APLning 23-turida qayd etilgan natijalar bilan tanishing:
“Vulverxempton” – “Lester” – 4:3
“Bornmut” – “Vest Xem” – 2:0
“Liverpul” – “Kristal Pelas” – 4:3
“Manchester Yunayted” – “Brayton” – 2:1
“Nyukasl” – “Kardiff Siti” – 3:0
“Sautgempton” – “Everton” – 2:1
“Uotford” – “Byornli” – 0:0
“Arsenal” – “Chelsi” – 2:0
“Xaddersfild” – “Manchester Siti” – 0:3
“Fulxem” – “Tottenxem” – 1:2
Otabek Eshmamatov, OʻzA