Endi Xalq qabulxonalari murojaat kelib tushishini kutib oʻtirmaydi

2019 yil 17 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur yangi tizimning birinchi jihati – Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlaydi hamda hal qilinishini taʼminlaydi. Yaʼni, endi Xalq qabulxonalari maʼlum muammo yuzasidan murojaat kelib tushishini kutib oʻtirmaydi.
Bunga sabab boʻlgan asosiy omil – murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini toʻliq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayotgani bilan bogʻliq. Chunki barcha davlat organlari kabi Xalq qabulxonalari ham oʻz faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish amaliyotidan foydalanib kelmoqda. Lekin mavjud murojaatlar tahlili aholi, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish obyektlaridagi muammolarni toʻliq qamrab olish va aniqlash imkonini bermayapti. Qolaversa, odam ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilmasa, bu unda umuman muammo yoʻq, degani emas. Ayniqsa, sabr-qanoat va shukronalikni hayot mazmuni, oriyat-u gʻururni ulugʻ qadriyat darajasida eʼzozlaydigan xalqimiz oʻrtasida dardu-tashvishi qiynab turgan boʻlsa-da, bu haqda mahalla-koʻy, mutasaddi idora va tashkilotlarga murojaat qilishni oʻziga ep koʻrmaydigan, istihola qiladiganlar koʻp. Shu bois ham davlatimiz rahbarining gʻoyasi va tashabbusi bilan mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarini hal etish sohasida yangi davrga qadam qoʻyilmoqda. Bundan buyon davlat organlari Xalq qabulxonalari boshchiligida oʻzlari masʼul boʻlgan hududlarda mahallama-mahalla, koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oila muammolarini oʻrganib, ularni hal qilish choralarini koʻradi. “Kasalni davolagandan koʻra, uning oldini olgan afzal” deganlaridek, muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib oʻtirmasdan, xalq ichiga, odamlar orasiga chuqur kirib borib, ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilish yangi tizimdan koʻzlangan bosh maqsad hisoblanadi. Binobarin, bevosita muloqot, yuzma-yuz uchrashuvlarning taʼsir kuchi katta boʻlib, bunday suhbatlar jarayonida qogʻozlarga sigʻmay qolgan tafsilotlar oydinlashadi, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz u yoki bu masalaga daxldor yangi maʼlumotlarni aniqlashtirib olish imkoniyati katta boʻladi.

 

OʻzA