Oʻzbekiston va Qozogʻiston zamonaviy beshkurash federatsiyalari memorandum imzolashdi

Poytaxtimizda Oʻzbekiston va Qozogʻiston zamonaviy beshkurash federatsiyalari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.
Mamlakatimizda Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olgan sport turlarini yanada ommalashtirish maqsadida 2017 yilning fevral oyida Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi tashkil qilingan edi.
Zamonaviy beshkurash sportning ot sporti, qilichbozlik, oʻq otish, yugurish va suzish kabi sport turlarini oʻzida birlashtiradi.
– Ushbu memorandumda ikki mamlakat sportchilarining malakasini oshirish, murabbiylarning oʻzaro tajriba almashishini taʼminlash va hakamlarning yangi qonun-qoidalar boʻyicha malakalarini oshirish kabi bir qator vazifalar belgilandi, – deydi Qozogʻiston beshkurash federatsiyasi vitse-prezidenti Anvar Malik. – Oʻzbekiston soʻnggi yillarda har bir soha kabi sportda ham eng rivojlanayotgan davlatlar sirasiga kiradi. Umid qilamizki, bizning hamkorligimiz har ikkala davlat sportchilari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
– Har bir sport turi kabi zamonaviy beshkurashda ham oʻzbek sportchilarining iqtidori va yuksak saviyasini dunyo tan olmoqda, – deydi Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahrom Gazziyev. – Asosiy maqsadimiz 2020 yilgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalarni qoʻlga kiritish va unda munosib ishtirok etishdir.
Eslatib oʻtamiz, 11 dekabr kuni Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi va Qatar beshkurash federatsiyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

 

J.Toshxoʻjayev, OʻzA