Oʻzbekiston universitetlari bugungi kunda jahonning nufuzli 100 yoki 200 talik reytinglari u yoqda tursin hatto 500 talik reytinglaridan ham oʻrin olmagani hech kimga sir emas. Asosiysi bu reytinglarga bir necha yillardan buyon eʼtibor qaratmayotgan soha xodimlari, endilikda oʻz tashabbuslari bilan xalqaro reyting agentliklariga takliflar bilan chiqmoqda. Birgalikda turli tadbir va tanlovlarni tashkil etayotir. Ana shunday tadbirlardan biri 23 noyabr kuni Toshkentda oʻtkaziladi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Niderlandiyaning Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikda Scopus ilmiy-tahliliy maʼlumotlar bazasi versiyasi boʻyicha eng samarali faoliyat koʻrsatayotgan olimlarni tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida boʻlib oʻtadigan ushbu tadbirda vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, QS, Times Higher Education kabi dunyoning yetakchi reyting agentliklari direktorlari, Elsevier kompaniyasi rahbarlari, xorijlik mutaxassislar hamda oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirok etadi.
Tadbirga tashrif buyurgan QS reyting agentligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Zoya Zayseva OʻzA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi. Mazkur intervyu Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining axborot xizmati koʻmagida tashkil etildi.
– Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining yutuqlari haqida nima deya olasiz? Qaysi jarayon oʻzgartirishga muhtoj nazdingizda?
– Bu mening Oʻzbekistonga ikkinchi tashrifim. Bir qator universitetlarda boʻldim. Eng birinchi koʻzga tashlangan narsa bu universitetlarning bir jamoadek faoliyat olib borishi. Odatda dunyo oliy taʼlim muassasalarida oʻz tajribalarini oʻrtoqlashmaydi. Bu yerda juda doʻstona muhitni koʻrish mumkin. Asosiy muammolarga toʻxtaladigan boʻlsam, bu avvalo barcha sobiq ittifoq mamlakatlaridagidek kabi, xorijiy talabalar va xorijiy oʻqituvchilarning kamligi. Toʻgʻri, asta-sekin bu mamlakatlar ham dunyoga ochilmoqda. Biz uchun asosiy muammoni saytlar tugʻdiradi. Chunki, ingliz tilidagi maʼlumotlar yangilanmaydi. Men kompaniyadagi rossiyalik sifatida ularni tushunishim mumkin. Yaʼni, rus tilidagi maʼlumotlarni oʻqiy olaman. Lekin, boshqa hamkasblarim uchun ingliz tilidagi maʼlumotlar yetarli emas. Bunga oʻzgartishlar kiritilishi kerak. Shu sababli ham Oʻzbekiston universitetlarini jahonda kam bilishadi. Menimcha, ayni shu jabhada koʻproq ishlash kerak.
– Bugun Markaziy Osiyoning, misol uchun Qozogʻistonning universitetlari reytingga kirgan. Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining unga kirmaganiga sabab nima deb oʻylaysiz? Bu Oʻzbekistondagi taʼlim sifati bilan bogʻliqmi yoki boshqa sababi ham bormi?
– Oʻylaymanki, universitetlaringiz yangi vazir kelgandan keyin reytinglarga qoʻshilish uchun harakatni boshladi. Bungacha hech qanday soʻrov bizga kelmagandi. Na kommunikatsiya maqsadida, na tadbirlarga va na tahlil boʻyicha hech qanday taklif kiritilmagan. Qozogʻistonda ham shunday edi. Birinchi marta 2009 yilda biz u yerda ishlashni boshladik. Men universitetlar bilan gaplashgani kelganimda bironta universitet reytinglarda yoʻq edi. Keyin 2010 yilda Nazarboyev Qozogʻistonning 2 universitetini jahonning top-200 reytingiga kiritish vazifasini qoʻydi. 2012 yilda bu ishning birinchi natijalarini koʻra boshladik. Gap shundaki, QS reytingini tuzishda asosiy indikatorlar 5 yil ichida taqdim etiladigan kumulyativ maʼlumotlardan foydalaniladi. Akademik nufuz, ish beruvchilar bahosi, Scopusning bibliometrik maʼlumotlari asosida tuziladi. Universitetlar bu maʼlumotlarni yigʻishlari uchun kamida ikki yil kerak boʻladi. Oliy taʼlim muassasalari qachonki oʻzlari reytingdan oʻrin olishga astoydil kirishsa, bu harakatlar sekin-asta oʻz natijasini bera boshlaydi. Hozircha bu haqida gapirishga erta. Kumulyativ maʼlumotlar bizda yoʻq.
– Demak, Oʻzbekiston taʼlim muassasalarining bu roʻyxatda yoʻqligi taʼlim sifati bilan bogʻliq emas, balki maʼlumotlar taqdim etilmagan. Toʻgʻrimi?
– Ha.
– Siz ikkinchi marotaba Oʻzbekistondaman dedingiz. Aynan taʼlim sifati haqida shaxsiy bahoingizni bera olasizmi?
–Men ish beruvchilarning roziligini koʻryapman, xalqaro hamkorlikni koʻryapman. Oʻzbekiston universitetlarining xalqaro miqyosga chiqishga boʻlgan intilishlarini his qilyapman. Raqobat muhiti shakllana boshlabdi. Talabalar va oʻqituvchilar orasida eng bilimlilarini saralashga harakatlar boshlangan. Sifat haqidagi yana bir indikator deb hisoblash mumkin boʻlgan jihatni aytib oʻtmoqchi edim. Yaʼni, bir qator Yevropa va Osiyoning nufuzli universitetlari oʻzlarining magistrlik dasturlariga Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarini olishga tayyorligini bildirmoqda. Bu Oʻzbekistonda boshlangʻich tayyorgarlik yomon emasligini koʻrsatadi. Koʻproq texnika, aniq fanlar yoʻnalishiga taalluqli, biroq ijtimoiy gumanitar sohalarda biroz qiyinroq.
– Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari qachon va qanday qilib xalqaro reytinglarga kira olishi mumkin? Siz qanday tavsiyalarni bera olasiz?
–Bu maʼlum bir universitet nimadan boshlashiga bogʻliq. Lekin, koʻpgina universitetlar bir xil holatda boʻlgani sababli men uchta asosiy jihatni aytib oʻtmoqchi edim. Shunda ham, kamida 4 yilda natija qoʻlga kiritilishi mumkin. Demak, birinchidan, xalqaro akademik hamjamiyat bilan hamkorlikni rivojlantirish, universitetlarni tanilish imkoniyatini oshirish, ikkinchisi ish beruvchi bilan munosabatlarni rivojlantirish, QS reytingida aynan ish beruvchining bitiruvchi haqidagi tasavvuri inobatga olinadi. Bizga ularning fikri muhim. Universitetlar ham ular bilan qiziqishi kerak, chunki bu bozor talablariga mos mutaxassis tayyorlamoqdami yoʻqmi shuni bilishga imkon yaratadi. Balki ular ish beruvchi bir yil mobaynida qayta oʻqitishi kerak boʻladigan xodimni tayyorlayotgandir.
Karyera markazlarini tashkil etish, oʻz bitiruvchilarini mentorlar sifatida jalb qilish, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish kabi juda koʻp tarmoqlar borki, ular eskicha yoʻnalishda saqlab qolingan. Asosiy elementlardan biri bu bibliometriya, biz bu yoʻnalishda koʻproq SCOPUS bilan ishlaymiz. Agar universitet tomonidan SCOPUSda 50 dan kam material eʼlon qilingan boʻlsa, demak bu universitetni tahlil qilib ham oʻtirmaymiz. Agar istiqbol haqida gapiradigan boʻlsak, yaqin yillar uchun qoʻyiladigan maqsad avvalo mintaqaviy reytingga kirish boʻlishi kerak. Yaqinda Yevroosiyo reytingini chiqardik, lekin unda bironta oʻzbek universiteti yoʻq. Lekin, Toshkent davlat texnika universitetining harakatlari boshlanganini koʻrdik, ular ovoz ola boshladi. Bu universitet olimlari xalqaro jurnallarda maqolalarini chop etmoqda, ulardan iqtibos keltirila boshlandi. Lekin, hali bular yetarlicha emas. Men taxmin qilamanki, hammasi yaxshi boʻlsa, alohida shaxslar reytingga kirish amaliyotlarini bajarsa va moliyaviy koʻmak berilsa yaxshi natijalarga erishish mumkin. Masalan, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish ham katta mablagʻni talab etadi. Bunda faqat konferensiyalarda nimanidir oʻrganish emas, Oʻzbekiston nimani taklif etayotganini ham namoyish etishi lozim.
–Ommaviy axborot vositalari ham maʼlum maʼnoda universitetlar haqida fikr beruvchi indikator sanaladi. Keyingi vaqtlarda aynan Oʻzbekiston oliy taʼlimi haqida qanday xabar yoki yangiliklarni kuzatdingiz?
–Toʻgʻrisini aytsam juda kam. Men faqat shu yerga kelayotganim sababli internetdan qidirib koʻrdim va Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi oʻtganini, Prezident Shavkat Mirziyoyevning taʼlimni rivojlantirishga qaratayotgan eʼtibori va rektorlar bilan oʻtkazilgan yigʻinini oʻqidim. Lekin, shundan boshqa xabar oʻqimadim. Men bu xabarlarni ham mahalliy OAVdan oldim. Lekin, dunyoda afsuski, Oʻzbekiston haqida maʼlumotlar kam. Men shu yerda aytmoqchimanki, Oʻzbekiston professor-oʻqituvchilari va olimlari tomonidan maqola chop etish mumkin boʻlgan bir qator resurslar bor. Masalan, bizning reyting natijalari eʼlon qilinadigan topuniversities.com bir yilda 56 million kishi kiradi. Har qanday universitet u yerda profilga ega boʻlishi mumkin. Unda oʻzi haqida maʼlumotlar berib borishi mumkin. Bu saytda biz qiziqarli maʼlumotlarni chop etib boramiz. Aytaylik, Oʻzbekistonning qaysidir universitetida Hindistonlik talaba oʻqiydi. Uning tarixini biz eʼlon qilishimiz mumkin. Bizda nega u Oʻzbekistonni va nega aynan shu universitetni tanlagani berib boriladi. Universitetni mashhur ish beruvchi kompaniya bilan yaqin hamkorligi boʻlsa, biz buni ham eʼlon qilishga tayyormiz. Yoshlarga rektorni qaysidir markazni ochishi, yoki qaysidir tadbirni oʻtkazgani qiziq emas, ular oʻzlariga daxldor boʻlishi mumkin boʻlgan narsalarni oʻqiydi. Xalqaro talabalar esa ulardan biri. Yoki oʻqituvchilar va ish beruvchilarni fikrlari ham ularga qiziq boʻlishi mumkin.
–Jahon reytingiga kirishda afsuski aynan Markaziy Osiyo va Kavkaz universitetlarini reytinglarda nisbatan pastroq oʻrinlarda turganini koʻramiz sabab yoki umumiylik nimada?
–Bu avvalo tarix bilan bogʻliq. Bu mintaqa uzoq vaqt mobaynida yopiq edi. Ikkinchidan, xalqaro hamkorlikka ehtiyoj yoʻq edi. Ittifoq doirasida mutaxassis tayyorlansa yetarli edi. Oʻzbekiston-Rossiya, Oʻzbekiston-Qozogʻiston kabi mintaqaviy hamkorlikka ustuvorlik berilar edi. Fan taʼlimdan ajratilgan, fanlar akademiyasi barcha respublikalarda bir xil maqomda. Yaʼni fan alohida, taʼlim oʻz holicha ketardi. Bugungi kunga kelib bu jarayon oʻzgardi. Lekin, natijalar birdaniga qoʻlga kiritilmaydi.