Dizaynerlarning muloqot maydoni

Poytaxtimizda “Osiyo ramzi“ Oʻzbekiston dizaynerlar uyushmasi tomonidan oʻtkazilayotgan Toshkent moda haftaligi rang-barang tadbirlar, modalar namoyishi, mahorat saboqlariga boy boʻlmoqda.
Professional moda haftaligi liboslar olamida oʻzbek moda brendini targʻib qilish va ragʻbatlantirish, dizaynerlarning eng soʻnggi kolleksiyalarini namoyish etish va tomoshabinlarga zamonaviy moda anʼanalarini baholash imkoniyatini berayotgani bilan ahamiyatlidir.
Haftalik doirasida xorijiy va mahalliy dizaynerlar ishtirokida oʻtkazilayotgan mahorat saboqlari, toʻqimachilik va kiyim-kechak koʻrgazmalari barchada katta taassurot qoldirmoqda. Loyihaning navbatdagi kunida xitoylik mutaxassislar bilan birgalikda modalar anʼanaviy madaniy elementlari hamda texnologiya integratsiyasi va innovatsiyasiga bagʻishlangan konferensiya oʻtkazildi.
– Oʻzbekistonlik yosh dizaynerlar juda isteʼdodli, – deydi Xitoyning Dunxua universiteti tashqi aloqalar boshqarmasi direktori Jao Mingvey. – Ularning ijod namunalari jahon miqyosida tan olinishiga sira shubham yoʻq. Dizaynerlarning oʻzaro hamkorligi har ikki mamlakat ijodkorlari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Haftalik doirasida tashkil etilgan koʻrgazmada Dildora Qosimova, Nilufar Abduvaliyeva, Denis Tomilin, Dilnoza Erkinova, Dina Sayfi kabi oʻzbekistonlik dizaynerlarning ijod namunalari moda muxlislarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Moda ustasi Umida Hamidovaning kolleksiyasi milliy gʻoyaga yoʻgʻrilgani, zamonaviy va qadimiy liboslar anʼanalarini oʻzida mujassam etgani bilan ahamiyatli boʻlsa, Xurshida Sulton yaratgan liboslar kamalakrang biser va munchoqlarga boyligi, ijodkor fantaziyasi kengligidan darak beradi.
– Toshkent moda haftaligida uchinchi marta ishtirok etyapman, –deydi yurtimizning yana bir mohir dizayneri Yelena Milberger. – Bunday tadbirlar dizaynerlarning tanilishi, ishlari ommalashishi, jahon moda dunyosidagi eng soʻnggi tendensiyalardan boxabar boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu gal haftalik uchun “Elis“ nomli kolleksiyani tayyorladim. U ertakmonand romantik gʻoyalarni oʻzida ifoda etadi.
Haftalikning navbatdagi kunida Oʻzbekiston, Xitoy va Hindiston dizaynerlarining ijod namunalari namoyish etildi.
28-faqat saytga.JPG
3.JPG
5.JPG
1.JPG
12.JPG
13.JPG
14.JPG
16.JPG

 

N.Usmonova, Temur Mamadaminov (surat) OʻzA