Qurolli Kuchlar akademiyasi britaniyalik mehmonlarni hayratlantirdi

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida xalqaro harbiy hamkorlik doirasida Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasi vakillari bilan “Xalqaro munosabatlar va xavfsizlik” mavzusida trening oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, mazkur oʻquv mashgʻulotida Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasi qoshidagi London Qirollik kollejining mudofaa masalalarini oʻrganish kafedrasi oʻqituvchisi Treysi Jerman hamda Qurolli Kuchlar akademiyasining professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Taʼkidlash kerakki, Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasi bilan mustahkam aloqalar 2015-yildan boshlangan boʻlib, ular qoʻshma tadbirlarni tashkil etish masalalari boʻyicha ishonchli mexanizmni ishlab chiqish imkonini bermoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining professor-oʻqituvchilari bir necha bor Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasiga tashrif buyurib, ilmiy-pedagogik kadrlar malakasini oshirish va “Davlat xavfsizligi” kabi kurslarda taʼlim olib qaytgan.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasi hamda “Sendxerst” Qirollik harbiy akademiyasi mutaxassislari Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining doimiy aʼzosiga aylangan. Oʻzaro hamkorlik davomida Akademiya binosida Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlariga bagʻishlangan mavzuviy mashgʻulot xonasining yaratilishi britaniyalik mehmonlar uchun ajoyib yangilik boʻldi.

photo_2018-11-15_21-41-52.jpg

– Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi harbiy attashesi mayor Endryu Strefford bilan hamkorlikda ushbu mavzuviy mashgʻulot xonasini jihozlash boʻyicha katta ishlar amalga oshirildi. Britaniya tomoni ayni vaqtda ikki mamlakat oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida xalqaro xavfsizlik masalalari boʻyicha videokonferensiyalar hamda masofaviy darslarni oʻtkazishni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanligini bildirdi, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasi tashqi aloqalar boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Ravshan Talipov.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning iyun oyida Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasining oliy qoʻmondonlik-shtab kurslari direktori Endryu Rou Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurgan edi. Ushbu tashrif davomida tomonlar britaniyalik mutaxassislarning Oʻzbekistonda bir yil davomida dars berishi hamda masofaviy oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻyilishi kabi masalalar koʻrib chiqilgandi.

 

Z.Jonibekov, OʻzA