Musobaqaning jamoaviy yoʻnalishida ishtirok etgan sportchilarimiz tarixda ilk marotaba jahon kubogida shohsupaga koʻtarilishdi. Qizlarimiz turnir davomida Moldova va Germaniya terma jamoasi vakillaridan ustun kelishgan boʻlsa, final bosqichida rossiyalik raqiblarga magʻlub boʻlishdi va kumush medalga sazovor boʻlishdi. Bahslarda yurtimiz sharafini Zaynab Dayibekova, Sevinch Ismoilova, Shaxnoza Togʻaymurodova va Aysulu Usnatdinovalar himoya qilishdi.
Yakkalik bahslarida bosh mukofotga bolgariyalik Yoana Iliyeva ega chiqdi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlar mos ravishda rossiyalik sportchilar Valeriya Kobzeva va Alina Mixaylovaga nasib qildi.
Qayd etish lozimki, mazkur natijadan soʻng qizlarimiz jahon reytingida 12-oʻringa koʻtarildilar. Osiyo qitʼasida esa kuchli uchlikka kirib oldilar.
Muhammad Amin (surat), OʻzA