Koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar pul mukofoti oladilar. Xoʻsh, kimlar ushbu nishon bilan taqdirlanadilar?
“Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Qaror bilan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, ushbu koʻkrak nishoni bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qoʻshgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda fuqarolar taqdirlanadilar.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Maslahat kengashining ishchi organi hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, ushbu koʻkrak nishoni 8 dekabr – Konstitutsiya kuni bayrami arafasida topshiriladi.
Koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
OʻzA