Shukrullo: Mening xalqdan boshqa tashvishim boʻlgan emas

 
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi “Gurung” turkum suhbatlarini davom ettiradi.
Bu galgi mehmonimiz “Rossiya”, “Ikki qoya” kabi xalqlar doʻstligiga bagʻishlangan dostonlari, “Koʻmilgan xotiralar”, “Xatarli yoʻl”, “Kafansiz koʻmilganlar” asarlari bilan kitobxonlar qalbidan joy egallagan Oʻzbekiston xalq shoiri Shukrullo domladir.
– Assalomu alaykum, Shukrullo domla. Sizni avvalambor yuz bilan yuzlashishga hozirlik koʻrayotganingiz bilan chin dildan tabriklaymiz. Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik tilaymiz. Hammaga ham sizga oʻxshagan boy va mazmunli umr kechirish nasib etsin. Siz bilan koʻp mavzuda suhbatlashsa boʻladi. Adabiyot haqida, adiblarga berilayotgan eʼtibor haqida nima deysiz?
– Men nimaga shoir boʻlganman, nimani yozishim kerak boʻlgan? Inson, avvalo, shuni bilishi kerak.
Shon-shuhrat lazzatin boshimdan koʻtar,
Qalbimga xalqimning tashvishini sol.
Shoir, yozuvchi, olimni birinchi tashvishga solgan narsa xalqning taqdiri. Shoir hammasini shu bilan bogʻlashi kerak. Shu xalqning dardini kuylash birinchi qoʻlimga qalam olib, sheʼr yozishimda qalbimga nido boʻlgan. Sizga, avvalo, qayerdan paydo boʻldi ijod qilish fikri degan savol boʻlishi mumkin. Ubaydulloxon Xoʻjayev advokat mening xolavachcham boʻlgan. Man shu odamdan boshqacharoq boʻlishim mumkinmidi? Shuni oʻylaganman va sheʼrlarimni qay tariqa yozishimni belgilab oldim. Men baʼzi siyosiy jarayonlarni yoqlamadim. Bu oʻsha davr rahbarlarini oʻylatib qoʻydi. Bu hozirgi siyosatimizga zid yoʻlga kirib ketdi, deyishdi va qamab qoʻya qolishdi.
– Yozuvchining yutugʻi nimada?
– Yozuvchining bitta yoʻli, maqsadi boʻlishi kerak. Oʻyin-kulgi, maishat bilan yashamasligi kerak yozuvchi.
Avvalo xalqning dardi bilan yashashi kerak. Mani xalqdan boshqa tashvishim boʻlgan emas. Yaxshi kunlarimiz ham oʻtdi. Xudoga shukr eʼtibor ham topdik. Qamoqlarniyam koʻrdik. Ammo haqiqat, xalqparvarlik hamisha gʻolib chiqadi. Osonlik bilan yozuvchi boʻlmaydi odam. Maqtovlar tizimiga tushib qolmaslik kerak.
– Bosib oʻtgan yoʻlingiz haqida bizga nimalarni aytib berasiz?
– Shukrki, atrofimdagi odamlar, safdoshlarim ham davrning jabrini tortgan odamlar. Qaysin Quliyev, David Kugultinov kabilar ham xalqning manfaati uchun yashagan. Bu oson emas edi. Balki mening bugungi kunda qadr topishim ham jindak boʻlsin xalqimni oʻylaganimdan boʻlsa kerak. Yozuvchining konsepsiyasi boʻlishi kerak. Xalqdan boshqa dardi boʻlmasligi kerak. Ijodkorning xalq manfaatidan boshqa manfaati boʻlishi mumkin emas.
Navoiy gʻamga qoldi oʻz kalomi jonfizosidin,
Oningdekkim, yetar bulbulga mehnat oʻz navosidin.
Navoiyni oʻqib, biz xalqni oʻylamasak, qanday yozuvchi boʻldik. Rus yozuvchilari bilan biz ogʻa-ini boʻlganmiz. Bizda millatchilik boʻlgan emas.
– Oʻzgarishlarni koʻrib dilingizdan qanday his-tuygʻular kechmoqda?
– Xudoga shukr deydigan zamon hozir. Bu kunlarga osonlikcha yetishmadik. Bugungi kunimiz, turmushimiz faxrlanishga arziydigan kunlardir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishni xalqning koʻziga tushadigan ishlardan, obodonchilikdan boshladi. Bu yaxshilikdan boshqa narsa emas. Prezidentimizning qilayotgan ishi maqtovga loyiq. Bu haqda oʻylasam qalbimga bir quvonch paydo boʻladi. Chunki bu rejalar mening orzularimga toʻgʻri kelyapti. Yaʼni bundanam yurtni obod qilish, turmushni farovon qilish, xalqning gʻamini yeb, madaniyatimizni oʻylab ulkan ishlar qilish. Bu ishlar hammaga koʻrinib turibdi. Xalqimizga eng keragi maʼrifat, obodonchilik va turmush farovonligidir. Hozirgi kunda oliy taʼlimdayam, matbuotdayam yangicha qarash shakllandi.
Prezidentning nima qilayapti deganiga javob bermasdan oʻtsam, gunoh boʻladi. Qilayotgan ishlari ibratga loyiq. Bu qilingan ishlarni quruq maqtamoqchi ham emasman. Qilinayotgan ishlar haqida gapirmoqchiman.
Hozirgi islohotlar xalqimizning qalbidagi ishlardir. Oʻylaymizki, kelajagimiz bundanda farovonroq boʻladi. Adabiyotimiz, madaniyatimiz, maʼnaviyatimiz ham yuksaladi.
– Yozuvchilarga shunaqa eʼtibor boʻlganmi?
– Hozirgi kunda yozuvchilarga ham eʼtibor berilayapti. Bittasi mening oʻzim. Uyimga kelib, xabarlashib, suhbatlashib, dardimni eshitib, xalqqa boʻlgan munosabatimni bildirishim ham katta gap.
– Bugungi oʻzgarishlarni koʻrib qanday asarlar yaratgingiz kelayapti?
– Yozuvchilarga Oybek, Shayxzoda shular nima degan boʻlsa oʻsha gap. Oybekning bir gapi boʻlardi. “Yozing, yozing, yozing, yaxshi yozing, toʻgʻri yozing. Boshqa gap yoʻq.” Yaxshi yozing deganda nimani aytganlar. Oʻzi nimani yozgan boʻlsa oʻsha ibratdir. Albatta, madaniy merosni, badiiy adabiyotni oʻrganish kerak.
Boʻsh qop tik turmas, deyishadi. Uning ichida bir narsasi boʻlishi kerak. Shunday ekan bekor oʻtirmaymiz, dardimiz bor, xalq manfaati uchun bir narsa qoldirarmikinmiz degan niyatimiz bor. Lekin uni qachonki roʻyobga chiqaramiz, buni Xudo biladi.
Yurtimizda juda muhim ishlar boʻlyaptiki, bu Prezidentimizning yelkasida ogʻir yukdir. Mana shu ogʻir va masʼuliyatli yukni Prezidentimiz sharaf bilan bajarishini, roʻyobga chiqarishini Xudodan soʻrayman.
Chunki bu xalq dardi va orzu-havaslarini roʻyobga chiqarish xalqning baxti, Prezidentimizning ham baxti.
Prezidentimizga kuch-qudrat, toliqmaslikni Xudodan soʻraymiz. Shavkat Mirziyoyev ilm-maʼrifat odami.
Ilm egasi boʻlish rahbar uchun juda katta fazilat. Demak, yurtimizda maʼrifat yuksaladi. Yaxshi niyatda yoʻlga chiqqan Prezidentni duo qilishdan, umr tilashdan boshqa hech nimamiz yoʻq. Umrlari uzoq boʻlsin, kelajagi porloq boʻlsin.
 
– Bugun xalqaro munosabatlar mustahkamlanmoqda. Bu haqda nima deysiz?
– Xalqlar orasidagi doʻstlik, ayniqsa katta xalqlar bilan boʻlayotgan ishlar juda katta ish. Doʻstlikdan ajralib qolishdek gʻariblik yoʻq. Biz kundan-kunga xalqaro munosabatlarimiz, qadrdonligimiz ortib borayapti. Bu bizning obroʻyimiz. Bundan yaxshi Prezidentni topib boʻlmaydi.
“Gurung” turkum suhbatlarimiz davom davom etadi.

 

O’zA