Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 14-noyabr kuni Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri oʻrinbosari Manlio di Stefano boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan suhbatda siyosiy-diplomatik, savdo, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi muloqotni “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi“ shaklida mustahkamlash, manfaatli sheriklikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Muzokarada tovar aylanmasini yanada oshirishdan ikki tomon birdek manfaatdor ekani taʼkidlandi. Joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi yakunlari boʻyicha oʻzaro savdo hajmi 206 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bu 2017-yilga qaraganda 20 foiz koʻp.

Qayd etilganidek, 2019-yilda oʻtadigan Savdo, iqtisodiyot va sanoat sohasida hamkorlik hamda eksport kreditlari masalalari boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhining navbatdagi majlisi bu yoʻnalishdagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.

Shu kuni Tashqi ishlar vazirligida Oʻzbekiston – Italiya siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi davrasi boʻlib oʻtdi.

Muloqotda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston – Italiya hukumatlararo ishchi guruhi instituti faoliyatini birgalikda rivojlantirish, ishbilarmon doiralar vakillari oʻrtasida aloqalar oʻrnatish va mustahkamlash imkonini beruvchi biznes-forum va koʻrgazmalar tashkil etish taklifi ilgari surildi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyotning real sektorida oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish uchun yetarli salohiyat va imkoniyatlarga ega ekani qayd etildi.

Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri oʻrinbosari Manlio di Stefano boshchiligidagi delegatsiya Investitsiyalar boʻyicha hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitalarida ham muzokaralar oʻtkazdi, “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati“ AJ bilan Italiyaning “Danieli & C.Officine Mecchanicne S.p.A“ kompaniyasi oʻrtasida qoʻshma loyihani amalga oshirish boʻyicha investitsiya bitimi imzolash marosimida ishtirok etdi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA