Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida “Qoʻriqlash, xavfsizlik va yongʻinga qarshi himoya – Securika Central Asia-2018”, “Transport va Logistika – Trans Uzbekistan-2018”, “Togʻ-kon uskunalari, qazib chiqarish, ruda va minerallarni boyitish – MiningWorld Uzbekistan-2018” xalqaro koʻrgazmalari hamda “Metallurgiya. Mashinasozlik. Dastgohsozlik – Machinery Central Asia-2018“ Markaziy Osiyo xalqaro koʻrgazmalari oʻz ishini boshladi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar va “Kongress Servis” kompaniyalari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan koʻrgazmalarda koʻplab mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishtirok etmoqda.
Bu koʻrgazmalarni tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim boʻlgan transport va logistika, metallurgiya, mashinasozlik, dastgohsozlik, qoʻriqlash, xavfsizlik va yongʻinga qarshi himoya yoʻnalishlarini bugungi kun talabi darajasida rivojlantirish, yangi texnologiyalarni tatbiq etish hamda mahalliy va xorijiy kompaniyalar oʻrtasida mustahkam aloqalarni oʻrnatishga qaratilgan.
Maʼlumki, Oʻzbekiston oltin, uran, mis, tosh va kaliy tuzlari zaxirasi boʻyicha dunyoning yetakchi mamlakatlari oʻntaligiga kiradi. Mamlakatimizda ayni shu yoʻnalishlar boʻyicha koʻplab zavod va sexlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Navoiy kon-metallurgiya, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari faoliyati esa bu borada asosiy oʻrinni egallaydi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu tarmoq ravnaqida alohida ahamiyat kasb etib, kelgusida soha istiqbolini belgilashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Shu maʼnoda tashkil etilgan “Machinery Central Asia – 2018“ oʻn birinchi xalqaro koʻrgazmasi bu gal 17 davlatdan kelgan 68 kompaniyaning rejalarini bir maqsadga birlashtirdi.
– Mamlakatimizda kompaniyaning vakolatxonasi 2015-yildan buyon ishlab kelmoqda, – dedi “Micromine” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Umid Mansurov. – Maqsadimiz yurtimiz togʻ-kon sohasini rivojlantirish, xorij investitsiyasini jalb qilish va yoshlarning shu yoʻnalishga boʻlgan qiziqishini oshirib, ularning bilim olishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Hozirgi kunda biz bu borada Navoiy kon-metallurgiya, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi kabi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Bugungi koʻrgazmada biz konlarni aniqlashda muhim boʻlgan “geobank mobayl”, “geobank”, “pitram” elektron dasturlarini namoyish etayapmiz. Bu dasturlar asosida ishlash yetarli natijalarga erishishda qoʻl keladi.
“Securika Central Asia – 2018” oʻninchi koʻrgazmasi zamonaviy qoʻriqlash, xavfsizlik va yongʻinga qarshi himoya vositalarini namoyish etadigan xalqaro maydondir. Unda bu safar yetti davlatning 30 dan ortiq kompaniyasi oʻz mahsulotlarini taqdim etmoqda.
– Yuz nafardan ortiq ishchiga ega korxonamizning imkoniyatlari yildan-yilga ortib bormoqda, – dedi Moskva shahridagi “Pojarnaya avtomatika” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakili Aleksandr Drobjev. – Bunda jamoaning yangiliklarga boʻlgan qiziqishi, izlanishi va bu kabi koʻrgazmalarda ishtirok etayotgani asosiy omil boʻlmoqda. Yurtingizda anʼanaviy oʻtkazilayotgan ushbu koʻrgazmada biz ikkinchi bor qatnashayapmiz. Birgina oʻtgan yilda koʻplab oʻzbekistonlik hamkorlarimiz bilan aloqalarni yoʻlga qoʻydik. Bugungi kunda ularga korxonamizda ishlab chiqarilgan oʻt oʻchirish qurilmalari, yongʻin signalizatsiyalari, oʻt oʻchirgichlar yetkazib bermoqdamiz. Bu borada shartnomalar tuzishga ham ulgurdik. Bu galgi koʻrgazma oʻtgan yilgidan ancha farq qiladi. Chunki ishtirok etayotgan kompaniyalar soni va bunday mahsulotlarga talab ham oshgani yaqqol koʻrinib turibdi. Bu yerdagi tashkiliy ishlar esa maqtovga arzugulikdir.
oʻl infratuzilmasi, harakatlar xavfsizligi boʻyicha yangiliklarini taqdim qilayotgan boʻlsa, “MiningWorld Uzbekistan – 2018” oʻn uchinchi koʻrgazmasi namoyishi esa Oʻzbekiston, Rossiya, Germaniya, Xitoy, Daniya, Ispaniya, Qozogʻiston singari mamlakatlarning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va mutaxassislari maqsadlarini birlashtirishga xizmat qilmoqda.
Barcha yoʻnalishlar boʻyicha koʻrgazmalar 16-noyabrga qadar davom etadi.