Prezident sovgʻalari topshirildi

Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy“ jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi kengashiga Prezident sovgʻasi – “Isuzu“ avtobuslari, “Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tuman boʻlimlariga esa 16 ta “Spark“ xizmat avtomashinalari topshirildi.

– Prezidentimiz tomonidan nuroniylarga katta eʼtibor qaratilmoqda, – deydi “Nuroniy“ jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarma raisi Sharap Usnatdinov. – Mana, qoraqalpogʻistonlik nuroniylar uchun “Isuzu“ avtobusi topshirilgani bizni behad quvontirdi. Bundan tashqari, qoraqalpogʻistonlik 27 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 10 turdagi qishki kiyim-kechaklar tarqatilmoqda. Nukusda qurilgan “Nuroniylar maskani“ faoliyatidan ham keksalarimiz juda mamnun.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi kengashiga topshirilgan avtobus Prezidentimiz tomonidan yoshlar kelajagiga qaratilayotgan alohida eʼtiborning amaldagi ifodasi boʻldi. Bu xursandchilik Nukus shahridagi Yoshlar markazida “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi“ning ochilish tantanasiga ulanib ketdi.

Bunday maktab Oʻzbekistonda ilk bor Toshkent shahri Shayxontohur tumani FHDYO boʻlimi qoshida tashkil qilingan. Ushbu maktabda oilaviy munosabatlarning maʼnaviy-axloqiy asoslari, oila iqtisodiyoti, roʻzgʻor va byudjetni yuritish, oiladagi ijtimoiy rollar va ularni anglagan holda munosabatlar qurish kabi mavzularda oʻquv seminarlari oʻtkaziladi.

2.JPG

9.JPG

 

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA