Ketrin Oellers: “Oʻzbekiston oʻz salohiyatidan samarali foydalana boshladi”

Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasida Oʻzbekiston – Germaniya moliyaviy-texnik hamkorligi boʻyicha hukumatlararo maslahatlashuvlarning navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

photo5433937720788494842.jpgUnda Germaniya Federativ Respublikasining iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi boʻlim boshligʻi Ketrin Oellers, GFRning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld, Germaniya taraqqiyot banki (KfW), Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) mutaxassislari va mamlakatimizning investitsiya, bank-moliya, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, taʼlim, ekologiya kabi sohalar uchun masʼul vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Laziz Qudratov ochib berdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini oʻrnatish, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot borasida olib borilayotgan islohotlar kutilgan samaralarni bermoqda.

– Bizda Oʻzbekiston inson huquqlari himoyasi va taʼsirchan hukumatni rivojlantirish kabi sohalarda oʻz salohiyatidan samarali foydalana boshlabdi, degan taassurot uygʻondi, – dedi Ketrin Oellers. – Yurtingizda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada izchil rivojlantirishga turtki beradi.

Majlisda oʻzaro hamkorlik natijalari, Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish boʻyicha loyiha takliflari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2017-yilda Oʻzbekiston-Germaniya hukumatlararo muzokaralar natijasi va oʻzaro hamkorlik asosida sogʻliqni saqlash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilgan. Xususan, Germaniya hukumati bilan sogʻliqni saqlash dasturining 4-bosqichi boʻyicha hamkorlik doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 11,3 million yevro ajratilgan.

IMG_9329.jpg

Majlisda Germaniya tomoni mamlakatimizda barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi sohalari, xususan, paxta yetishtirishda yangi texnologiyalarni qoʻllash, fermerlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirishga 26 million yevro miqdorida mablagʻ ajratish rejalashtirilganini maʼlum qildi.

Tadbir doirasidagi sessiyalarda GIZning “Markaziy Osiyoda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun qonun ustuvorligini taʼminlash”, “Markaziy Osiyoda professional taʼlim”, “Markaziy Osiyoda savdoni soddalashtirish”, “Markaziy Osiyoda iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash uchun barqaror va iqlim oʻzgarishiga taʼsirchan yerlardan foydalanish” kabi mintaqaviy loyihalar boʻyicha hamkorlik qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Majlis natijalari boʻyicha protokol imzolandi.

 

Malohat Husanova,OʻzA