Soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari deputatlar eʼtiborida

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari, Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitalari hamkorlikda kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazdi.
Deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlar ishtirok etgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018 yil 9 oylik ijrosi hisoboti hamda 2019-2021 yillarga moʻljallangan Byudjetnoma loyihalari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti umumiy xarajatlarining 53,4 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Bu mablagʻning asosiy qismi taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasiga yoʻnaltirildi.
Deputatlar Prezidentimiz va hukumat qarorlari asosida sogʻliqni saqlash sohasining ayrim tadbirlarini amalga oshirish uchun rejalashtirilgan mablagʻning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi taʼminlanmaganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, ishtirokchilar 2019 yilga moʻljallangan Byudjetnoma loyihasi bilan tanishib, unda 2019-2021 yillarga belgilangan ustuvor yoʻnalishlarga eʼtibor qaratdi.
Ajratilayotgan byudjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanilishi, investitsiya loyihalari hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bajarilishi yuzasidan parlament nazoratini yanada kuchaytiish, joylarda qonunlar ijrosini taʼminlash borasida bir qator takliflar bildirildi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA