Obod qishloqda yashashning gashti boʻlakcha

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qishloqlarda yashovchi aholining turmush tarzini yanada yuksaltirish, odamlarning yashash sharoitini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Buni Fargʻona viloyatida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari misolida ham koʻrish mumkin.
Viloyatda joriy yilda 30 ta qishloqda 152 milliard soʻmlikdan ortiq bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, 10 ming 768 ta uy joy taʼmirlandi, 88,5 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi, 14 dona suv minorasi rekonstruksiya qilindi va 26 ta suv nasosi oʻrnatildi. 473 kilometr elektr tarmoqlari qurildi, modernizatsiya qilindi hamda 228 dona transformator punkti qurish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-13 iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari asosida viloyatning har bir tumanidan qoʻshimcha 2 tadan mahalla fuqarolar yigʻinlari tanlanib keng koʻlamdagi qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
“Obod qishloq” dasturi doirasida Uchkoʻprik tumanining “Toshkentliguzar” va “Katta Kenagas” mahalla fuqarolar yigʻinlarida ham ezgu tashabbuslar hayotga tatbiq etildi. Ayni kunlarda bevosita viloyat hokimligi tashabbusi bilan Toshkentliguzar mahallasini viloyatdagi eng goʻzal va obod mahallaga aylantirish maqsadida qurilish ishlari amalga oshirilayotir.
Viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev mazkur mahalla fuqarolar yigʻinida olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, mutasaddi idoralar masʼul xodimlari, mahalla faollari bilan suhbatlashdi.
– Toshkentliguzar mahallasining zamonaviy qiyofasi barchamizni quvontiradigan darajada oʻzgaradi, – dedi viloyat hokimi Sh.Gʻaniyev. – Belgilangan reja asosida mahalla hududida ikki qavatli savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, milliy hunarmandchilik va tadbirkorlik majmualari qad rostlaydi. Mahallaning asosiy avtomobil yoʻli toʻrt chiziqli, ikki chetiga zamonaviy yoritkichlar oʻrnatiladigan, piyodalar va velosiped yoʻlaklari ajratilgan, atrofi gulzor va manzarali daraxtlar ekiladigan jahon andozalari talablari darajasidagi yoʻlga aylanadi. Shuningdek, dasturda aholi turmush sharoiti va farovonligini yuksaltirishga qaratilgan boshqa bir qator ezgu tashabbuslarni roʻyobga chiqarish rejalashtirilgan.
Darhaqiqat, shu kunlarda Toshkentliguzarda davom etayotgan ulkan qurilishlar “Fargʻona – Qoʻqon” avtomagistrali boʻyida joylashgan mahallaning nurli istiqbolidan dalolatdir. Ayni paytda mahalla koʻchalarini anvoyi gulzorga aylantirish, manzarali daraxtlar ekish, tadbirkorlik, tikuvchilik va boshqa xizmat koʻrsatish majmualarini foydalanishga topshirish ishlari avjida. Elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash hamda kommunikatsiya tarmoqlarini bugungi kun talablari asosida yangilash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
“Asqar Mahmud Buva” tarixiy ziyoratgohidagi bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetkazilayotgan boʻlsa, goʻzallik saloni, sartaroshxona, hammom qurilishi avjida. Mahalladagi qishloq oilaviy poliklinikasida 370 million soʻm, 19-maktabgacha taʼlim muassasasida 255 million soʻm hamda 18-umumiy oʻrta taʼlim maktabida 1 milliard 60 million soʻmlik taʼmirlash ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Oʻz navbatida mahalladagi 52 ta xonadonning tom qismi joriy taʼmirlanishi va 3 ta kam taʼminlangan oilalarning yashash xonadoni homiylar yordamida taʼmirlanishi belgilandi.
“Toshkentliguzar” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Akbarxoʻja Tursunovning taʼkidlashicha, bugungi kunda hududdagi 780 ta xonadonda 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallada tadbirkorlik va hunarmandchilik rivojlangan. Boshlangan ezgu tashabbuslar doirasida “Mehrigiyo” xususiy korxonasi, gʻisht zavodi, mineral suv ishlab chiqarish sexi, qandolatchilikka ixtisoslashgan oʻnlab oilaviy korxonalar ish boshlaydi. Hozirda mahalla ahlining ikki qavatli savdo majmualari qurish, tikuvchilik sexi faoliyatini tashkil etish, ishlab chiqarish tarmoqlarini yoʻlga qoʻyish singari oʻnlab biznes-rejalari qoʻllab-quvvatlanmoqda. Qandolatchilik, novvoychilik, sandiqsozlikni jadal rivojlantirish uchun oʻnlab oilaviy tadbirkorlarning aniq rejalari bor. Shu kungacha aholi tomorqalarida 50 dan ortiq issiqxonalar barpo etilishiga erishildi. Mahalla ahlining mirishkorligi tufayli hatto koʻcha chetlaridagi boʻsh yerlarda ham turli sabzavot ekinlari parvarishlanmoqda.
“Obod mahalla” dasturi asosida esa Fargʻona, Margʻilon, Qoʻqon va Quvasoy shaharlaridagi 15 ta mahallada boshlangan ezgu ishlar natijasida ular yanada obod maskanga aylanmoqda. Bundan tashqari, dastur boʻyicha 62 milliard soʻm mablagʻ doirasida 15 ta koʻp qavatli uylar barpo etilmoqda.
2019 yilda birgina “Obod qishloq” dasturi asosida tumanlardagi 45 ta mahallada keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bugun qaysi bir yurtdoshimiz bilan gaplashmang, qishloqlarni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibordan mamnunligini aytadi. Bunday ezgu ishlar yurtimiz chiroyiga chiroy qoʻshish bilan birga, fuqarolarimizda bugungi hayotdan rozilik, ertangi kunga mustahkam ishonchni yanada kuchaytirmoqda.

 

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA