Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizatsiyasida ayollarning roli: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xalqaro ayollar institutlari vakillari, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol ayollar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari Svetlana Ortiqova, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Helena Freyzer va boshqalar Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekistonda xotin-qizlar gender tengligi masalasi davlatlararo siyosiy ahamiyat kasb etib, bu ularning davlat boshqaruvidagi mavqei va oʻrnini mustahkam egallashida hamda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turli soha va tarmoqlarda ishtirokini taʼminlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim ekanini taʼkidladi.
Bu kabi talablardan kelib chiqib tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman ham mamlakatimizda xotin-qizlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, ularni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohangligi bilan eʼtiborga loyiq. Undan asosiy maqsad esa xalqaro hamjamiyatni Oʻzbekiston ayollarining jamiyat va davlat boshqaruvidagi mavqei, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yoʻnalishlardagi faol ishtiroki bilan tanishtirish, oʻz navbatida, xalqaro tajribani oʻrganish va amaliyotga tatbiq etishdir.
Aytish mumkinki, bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning barcha sohalar boʻyicha faol ishtiroki taʼminlanmoqda. Ular orasida 17 nafar senator, 15 nafar Qonunchilik palatasi deputati, 15 nafar Oʻzbekiston Qahramoni, 6 nafar akademik, 514 nafar fan doktori borligi ahamiyatlidir. Shu jumladan, mahalliy Kengash deputatlarining 23 foizi, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat sohalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 72 foizi ayollardir. 8,5 mingdan koʻproq ayollar mahallalardagi diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimida ishlaydi. 285 nafar iqtidorli qizlarimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindoridir.
Bugun mamlakatimizda ayollar faolligini oshirish, ularning turli sohada oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunga Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining xalqaro miqyosda oʻrnatgan aloqalari yaqqol dalil boʻla oladi. Misol uchun, bugun qoʻmita ayollar masalasiga oid yoʻnalishlarda Rossiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozogʻiston, Xitoy, Germaniya kabi davlatlar bilan oʻzaro xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Shahrisabzdagi “GULNOR ART” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Gulnora Odilova jamiyatda oʻz oʻrnini egallagan faol ayollardan. Bugungi kunda mazkur korxonada 75 turdagi milliy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Muhimi, korxonada 250 nafardan ortiq ayol ish bilan taʼminlangan.
– Onamning onasi Buxoro amiri uchun chopon tikkan ekan, – dedi Gulnora opa. – Bugun jamoamiz tikkan mahsulotlar esa dunyo vakillari nazariga tushdi. Buni men momolarimizning milliy udumlarni avloddan-avlodga qoldirgan muqaddas merosi, deb bilaman. Ushbu xalqaro tadbir mamlakatimizda tadbirkor ayollarga qaratilayotgan eʼtiborning amaldagi ifodasi boʻldi. Negaki, yurtimizda xotin-qizlar hamisha qadrlangan. Buni oʻz tadbirkorlik faoliyatimdan bilaman. Har bir gʻoya ustida ishlayotganimda Hukumat va Xotin-qizlar qoʻmitasi koʻmagini his etib turaman.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning Samarqandga tashrifi koʻzda tutilgan.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Norboyeva soʻzga chiqdi.