Bu haqda Moliya vazirligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi qarori bilan umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilarining malaka toifasiga qarab ularning ish haqini tabaqalashtirgan holda oshirish, malaka toifasini berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Jumladan, birinchi bosqichda 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab boshlangʻich sinflar oʻqituvchilari bazaviy tarif stavkalari miqdori 10 foizga, yuqori sinf oʻqituvchilari bazaviy tarif stavkalari miqdori 24 foizgacha, direktorlar, ularning oʻrinbosarlari va kutubxonachilar bazaviy tarif stavkalari miqdori 10 foizga oshirildi.
Ikkinchi bosqichda malaka toifasiga qarab oʻqituvchilarga 10 foizdan 25 foizgacha, direktorlar, ularning oʻrinbosarlari va kutubxonachilarga yana 10 foizga oshirildi.
Natijada 2019 yil 1 yanvarga kelib, 1-toifali oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi 45 foizga oshadi, qoʻlga tegadigan oylik ish haqi, direktor jamgʻarmasidan oʻrtacha 10 foizgacha ustama hamda daftarlarni tekshirganligi va sinfga rahbarlik qilgani uchun qoʻshimcha haqlar toʻlansa, shuningdek soliq islohoti natijasida 2,2 million soʻmga yetadi.
Malaka toifasiga ega boʻlmagan mutaxassis oʻqituvchi va oliy toifali oʻqituvchi oʻrtasidagi farq 21 foizdan 38 foizga oshadi. Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oliy oʻquv yurtlari professor va oʻqituvchilari ish haqini oshirish toʻgʻrisida ikkita qaror qabul qilindi, jumladan, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy taʼlim muassasalari rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilarining lavozim maoshlarini tabaqalashtirilgan holda – oʻrtacha 25 foizga oshirildi.
Oliy taʼlim muassasalari rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilari ish haqi miqdorlari 2019 yil 1 yanvardan boshlab 20 foizga va 2019 yil 1 iyuldan boshlab 25 foizga oshiriladi.
N.Nasriyev, OʻzA