Sahroda qaragʻay koʻkaradimi?

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sahrolariga qaragʻay daraxti koʻchatlari ekildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻistonning choʻl hududlarini koʻkalamzorlashtirish boʻyicha yangi loyiha ustida ish boshladi.

photo5352582415907924504.jpg
– Tajriba tariqasida Qoraoʻzak tumanida 1 gektar yerga Eldar va Qrim qaragʻaylari koʻchatlari oʻtqazildi, – deydiloyiha rahbari, OʻzFA Umumiy va noorganik kimyo instituti doktoranti, kimyo fanlari nomzodi Olim Asamatdinov. – Mazkur oʻsimlik qurgʻoqchilik va sovuqqa chidamli. 100 yildan 600 yilgacha umr koʻradi. Qaragʻay juda tez oʻsadi, tuproq tanlamaydi. Uning uchun eng maʼqul tuproq – bu qumli tuproqdir. Qoraqalpogʻiston zaminining suvi kamligini hisobga olib, ushbu koʻchatlarni oʻtqazishda OʻzFA Umumiy va noorganik kimyo instituti sirt-faol moddalar laboratoriyasida ixtiro qilingan namlikni ushlab turuvchi gidrogellardan foydalanildi. Shaharlar atrofida, temir yoʻl va avtomobil magistrallari boʻylab qaragʻayzor oʻrmonlar barpo etish koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarga yechim boʻla oladi. Chang-toʻzon koʻtarilishini bartaraf qiladi, qum koʻchishining oldini oladi, yangi oʻtloqlar paydo qiladi va hokazo.
photo5352582415907924505.jpg
Qaragʻayning oʻziga xos shifobaxsh xususiyati ham bor. Uningyaprogʻi bakteriyalarni yoʻq qiladigan uchuvchan moddalar – fitonsidlarga boy. Fitonsidlar havoni zararli mikroblardan tozalaydi. Aynan shuning uchun davolash-sogʻlomlashtirish va bolalar dam olish oromgohlarida qaragʻay ekiladi.
photo5352582415907924510.jpg
Xalq tabobatida koʻpchilik ogʻir kasalliklar, jumladan, kislorod yetishmovchiligi, osteoxondroz, yurak-qon tomir va asab tizimi kasalliklari, prostata adenomasi va boshqa xastaliklarni qaragʻay kurtagi va yaprogʻini qoʻllagan holda davolashning qator usullari mavjud. Qaragʻaydagi foydali moddalarning eng katta konsentratsiyasi uning 2-3 yoshdagi igna barglarida hamda hali gullamagan kurtaklarida boʻladi.Prezidentimizning 2018-yil 14-fevraldagi “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini tashkil qilish dasturiga koʻra, mazkur qaragʻayzor oʻrmonlar 2-3 yil oʻtgandan keyin mahalliy farmatsevtika uchun dori vositalari ishlab chiqarishda xomashyo sifatida xizmat qilishi mumkin.

Keyingi 3-10 yil ichida ushbu hududda qaragʻay ignalari tushishi natijasida tuproqning qayta tiklanish jarayoni boshlanadi. Bu esa hayvonot uchun oziq-ovqat sifatida xizmat qiladigan yagona va koʻp yillik oʻtlar oʻsishi uchun sharoit yaratadi. Shuningdek, qaragʻayzorda reza meva butalarini oʻstirish mumkin, bu esa, oʻz navbatida, oziq-ovqat zaxirasini yaxshilashga xizmat qiladi.

Olimning innovatsion gʻoyasini yuzaga chiqarishda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamkorlik qilmoqda. Ushbu institut koʻmagi bilan Qoraoʻzak tumanidan tajriba yer maydoniajratildi.

– Prezidentimiz Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlar rahbarlari majlisida Orolboʻyi hududini Ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb eʼlon qilish masalasini koʻrib chiqish taklifini ilgari surgan edi, – deydi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Bayrambay Otemuratov. – Olimning bu tadqiqoti davlatimiz rahbari bildirgan gʻoyaga hamohangdir. Biz ushbu loyihada ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA