Oʻzbekistonda yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi amalga oshiriladi

Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda yoʻl harakati qoidalari buzilishini nazorat qiluvchi tizim ishga tushiriladi
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilingani haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Qarorga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” amalga oshirilishi belgilandi.
Ushbu loyiha “ATLAS International” (Germaniya) kompaniyalari bilan hamkorlikda 2018–2019 yillarda dastlab Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida amalga oshiriladi.
Loyihani amalga oshirish uchun jami 300 mln. yevro toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etiladi.
Avtomatlashtirilgan tizim yordamida aniqlangan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun undiriladigan jarima summasi quyidagicha taqsimlanadi:
• 20 foiz – Davlat byudjetiga;
• 20 foiz – yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish uchun mahalliy byudjetga;
• 25 foiz – Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga;
• 10 foiz – Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi hisobiga;
• 25 foiz – investitsiyaviy xarajatlarning hajmi qoplanguniga qadar Investor hisobiga. Investitsiyaviy xarajatlar toʻliq qoplanganidan soʻng ushbu summa Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, qarorga koʻra loyihani amalga oshirish uchun Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasiga quyidagilar yuklandi:
• yoʻl belgilari, axborot koʻrsatkichlari va boshqv texnik vositalarni oʻz vaqtida oʻrnatish;
• uzoq vaqt davomida xizmat koʻrsatuvchi chidamli yoʻl harakati chiziqlarini chizish;
• qurilish va montaj ishlarini lozim darajada amalga oshirish;
• mahalliy byudjet hisobidan tashqi tarmoqlardan avtomatlashtirilgan tizimning obyektlarigacha elektr uzatish liniyalari va telekommunikatsiya tarmoqlarini tortish.

 

OʻzA