Qoraqalpogʻistonlik yosh dasturchi yangi oʻyin yaratdi

Qoraqalpogʻistonlik yosh dasturchi Damir Asamatdinov “Emoji Math“ nomli mobil qurilmalar uchun oʻyin dasturi ishlab chiqdi. 5 yoshdan yuqori yoshdagilar uchun moʻljallangan oʻyin bolalarning aql-idrokini oʻstirish, matematika fanini oʻrgatishga yoʻnaltirilgan.
Oʻyin qoʻshish, ayrish, boʻlish, koʻpaytirish va aralash amallaridan iborat 5 qismdan tashkil topgan. Oʻyin quvnoq mevalar bogʻida oʻynaladi. Mevalar tugamaydi, oʻyinchi qancha koʻp meva yesa shuncha oʻyinchining tezligi oshib boradi. Mevalar uchga boʻlinib tushadi, shulardan ikkitasi zaharlangan, bittasi toza. Zaharlanmagan mevani topish uchun oʻyinchi taxtada koʻrsatilgan matematika savoliga toʻgʻri javob topib, toʻgʻri keladigan javob qatoridagi meva zaharlanmaganligini bilib oladi. Har bir toʻgʻri tanlangan meva uchun oʻng sonlar bilan oʻynasa bir yulduzcha, teskari sonlar bilan oʻynalsa ikki yulduzcha sovgʻa tariqasida beriladi. Bu yulduzchalarni zaharlanmagan mevani biladigan “emoji“dan soʻrash yoki bilmasdan zaharlangan mevani yeb qoʻygan taqdirda zahrini kesib tashlash mumkin.
Yosh dasturchi Damir matematikaga qiziqadi va shu tufayli yangi oʻyinni yaratishga muvaffaq boʻlgan. U milliy softver sanoatining rivojiga hissa qoʻshishni oldiga maqsad qilgan. Kelgusida mazkur oʻyinni yanada takomillashtirib borish niyatida.
Ayni paytda “Emoji Math“ oʻyinini Play Market dasturi orqali yuklab olish mumkin.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA