16 yildan buyon faoliyat yuritayotgan investor qiyinchilik va mavaffaqiyatlari haqida gapirdi
Oʻn olti yildan buyon Oʻzbekistonda dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanayotgan “Nobel Pharmsanoat” korxonasi “Oʻzbekistonda dori-darmonlarning sifati import medikamentlardan kam emas”, degan shiorni olgʻa suradi. 

Siz oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan dorilar sifatiga qanchalik ishonasiz? Xoynahoy “xorijniki-da”, deb qimmatroq import dori vositalariga koʻz tikarsiz? Ishonasizmi, “Nobel Pharmsanoat” korxonasi rahbari Kurshat Chetin zarurat boʻlgan paytlarda oʻz oilasi uchun faqatgina Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan dori vositalarini sotib olar ekan.

“Nobel Pharmsanoat” Turkiyaning “Nobel İlaç” (Nobel Ilach) shirkati sarmoyasi asosida tashkil qilingan yirik ishlab chiqarish korxonasi boʻlib, Oʻzbekistonda 2002 yildan buyon faoliyat koʻrsatadi. Bugungi kunda zavodda 355 nafar kishi ishlaydi. Ularning faqat 2 nafari Turkiya fuqarosi. Korxonaning 60 nom, 110 dan ziyod turdagi dorilari bugun dorixonalarimizni toʻldirmoqda. Ularning 5 turi oʻzimizning xomashyodan tayyorlanadi. Bugungacha 2 million 600 ming dollardan ziyod mahsulot eksport qilingan.

2004 yili Turkiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan koʻpgina qoʻshma korxonalar Oʻzbekistonni tark etgan, buning maʼlum sabablari bor edi. Ular orasida dori-damon ishlab chiqaruvchisi boʻlgan “Nobel Pharmsanoat” esa Oʻzbekistonda qolishga ahd qilgan. “Biz Oʻzbekistonning kelajagiga ishonar edik”, deydi korxona rahbari Kurshat Chetin. 2016 yilga qadar konvertatsiya ochiq boʻlmagani sababli korxona oʻziga yarasha qiyinchiliklarga duch kelgan. Lekin shunga qaramay, “Nobel” Oʻzbekistondagi korxonasini yopmagan. “Biz Oʻzbekiston iqtisodiyotida hammasi oʻnglanishiga umidvor edik. Bugun mana Turkiyadagi men bilgan har bir firma Oʻzbekistonga sarmoya kiritishga qiziqmoqda”, deydi Chetin.

Bugun “Nobel Pharmsanoat” oʻz mahsulotlarini Gruziya, Afgʻoniston, Qozogʻiston va Turkiyaga eksport qilmoqda. Hozirda kompaniya dori vositalarini Yevropaga eksport qilish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Oʻzbekistonda konvertatsiyaning yopiqligi, korxona faoliyatiga qanday taʼsir qilgandi? “Nobel Pharmsanoat” Oʻzbekistonning boy tabiiy oʻsimlik dunyosidan ham foydalanib, dorilar ishlab chiqaradimi? Bizdagi onkologik dorilarga boʻlgan ehtiyojni toʻldirishda ularda imkoniyat bormi? Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi ularga qanday shartlarni qoʻygan? Kompaniya rahbari Oʻzbekistonda biznes qilish imkoniyatini qanday baholaydi hamda uning Toshkent haqidagi fikrlari bilan quyidagi video suhbatimizda tanishasiz.

“Nobel”ning bugungacha Oʻzbekistonga kiritgan investitsiyalari 40 million dollardan ziyod. Uning Toshkentda qurilgan yangi zamonaviy zavodi eksport hajmini koʻpaytirishga moʻljallangan. Zavod yiliga 10 million quti dori ishlab chiqarish quvvatiga ega. Kompaniya mahsulotlari xalqaro GMP standartiga javob beradi. U ishlab chiqarish hajmini yiliga 50 million quti miqdorida oshirishni koʻzlamoqda.

 

Anora Sodiqova, OʻzA