Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasida shu kunlarda mamlakatimizda tashrifda boʻlib turgan Jahon banki ekspertlari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Maʼlumki, xalqaro ekspertlar respublikamiz hukumati tomonidan soliq islohotlari konsepsiyasining samarali ijrosini taʼminlash va texnik jihatdan koʻmaklashishga jalb qilingan.
Uchrashuvda soliq konsepsiyasiga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan mamlakatimizda yangi soliq tartibi joriy etilayotgani tufayli soliq toʻlovchilarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tushunmovchilik va ziddiyatlarni oldini olish, kichik biznes subyektlari uchun soddalashtirilgan qoʻshimcha qiymat soligʻini tatbiq qilish, soliq toʻlovchilar bilan munosabatlarni takomillashtirishda maqbul mexanizmlar asosida zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
Shu bilan birga, davlat soliq xizmati organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimining texnik, dasturiy va axborot taʼminotini oqilona yoʻlga qoʻyish va shu orqali soliq toʻlovchilar uchun qulayliklar yaratish, elektron hisob-fakturalarning samarali tizimini joriy etish, “call-markaz” maxsus servisida aholiga axborot xizmatlari toʻliq koʻrsatilishiga erishish borasidagi chora-tadbirlarda amaliy yordam koʻrsatishga oid jihatlar atroflicha koʻrib chiqildi.
Davlat soliq qoʻmitasi mutaxassislari va Jahon banki ekspertlari maxsus seksiyalarga boʻlingan holda har bir soliq tartibida yuzaga kelishi mumkin ziddiyatli holatlar va ularni bartaraf etish choralarini batafsil tahlil qildilar.
Oʻzaro muloqot jarayonida koʻtarilgan masalalar yechimi yuzasidan Moliya vazirligiga tegishli taklif va tavsiyalar kiritish hamda bu oʻzgarishlar yaqin istiqbolda qabul qilinishi rejalashtirilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida oʻz aksini topishiga kelishib olindi.