Paxta mavsumida majburiy mehnat boʻyicha mansabdorlar javobgarlikka tortildimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi paxta terimiga majburiy jalb qilish holatlari boʻyicha maʼlumot berdi.
Vazirlikning “ishonch tarmogʻi”ga murojaatlar
2018 yil 10 sentabrdan 27 sentabr kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishonch tarmoqlariga paxta terimiga majburiy jalb etish holati yuzasidan jami 410ta murojaat kelib tushgan. Shundan 228tasi Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan koʻrib chiqilgan, 26tasida qonunbuzarlik holati tasdiqlangan, 202ta murojaatda esa paxta terimiga majburiy jalb qilish holati tasdiqlanmagan.
Joylarda holatni oʻrganish paytida murojaatchilar turli sabablar taʼsirida oʻz shikoyatlarini qaytarib olayotgani kuzatilmoqda. Paxta terimiga majburiy jalb qilish boʻyicha tasdiqlanmagan holatlar yuzasidan qayta tekshiruv ishlari oʻtkazilmoqda.
2018 yil 27 sentabr holatiga koʻra hududlar boʻyicha murojaatlar yigʻma jadvali:
 
photo5294299185715194580.jpg
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) vakillariga murojaatlar maʼlumot bazasiga kirish huquqi taqdim etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab boʻlgan Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani Yoshlar ittifoqi faoli N.Mirzaqobulovning tumanda joylashgan 53ta maktabdagi yoshlar tashkiloti faollarini paxta terimiga majburlash holati Andijon viloyati prokuraturasi va Davlat mehnat inspeksiyasining birgalikda olib borgan tekshiruv-tergov ishlari bilan yakunlandi. N.Mirzaqobulov majburlash holati boʻyicha maʼmuriy javobgarlikka va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 51-moddasiga muvofiq jarimaga tortilgan.
10 sentyabrdan buyon 26ta holat boʻyicha mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Qonunbuzarlik sodir etgani uchun Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasi boʻyicha quyidagi shaxslarga nisbatan eng kam oylik ish haqining 1 barobaridan 3 barobari miqdorida jarima pulini undirish toʻgʻrisida qaror chiqarildi:
– Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumani hokimi Ilyos Novikov,
– Fargʻona viloyati Oltiariq tumani Xotin-qizlar ishlari boʻyicha hokim oʻrinbosari Salimova Sh.,
– Qashqadaryo viloyati Nishon tumani qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosari Normoʻminov U.,
– Jizzax viloyati Paxtakor tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi Ergashev A.,
– Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi Axmedov K.,
– “Bek baraka savdo majmuasi” MCHJ direktori Tursunov Yu.
Paxta uchun pul va “soliq” yigʻimi haqida
OAV maʼlumotlariga koʻra, ayrim hududlarda paxta terimi uchun pul mablagʻlarini yigʻish holatlari kuzatilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston Respublikasida paxta terimi uchun hech qanday pul yigʻimlari va qoʻshimcha soliqlar nazarda tutilmaganligini eslatib oʻtadi.
Aksincha, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan Bosh prokuratura huzuridagi Multimediya markazi hamkorligida paxta terimchilari uchun yaratilgan iqtisodiy manfaatdorlikni yoritish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Respublikadagi mehnat resurslari yetishmaydigan beshta hududda oʻtkaziladigan paxta terimi targʻibotiga bagʻishlangan videolavha @terimuz telegram kanalida joylashtirilgach, bir kunning oʻzida 1.6 mln.dan ortiq marta koʻrildi. Paxta terimida qatnashish istagida boʻlgan barcha fuqarolar +998712000602, @terimuzbot telegram boti, shuningdek, www.terim.uz saytida maʼlumot qoldirishlari mumkin.
Koʻngilli otryadlar haqida
Hukumat tomonidan aholini ixtiyoriy paxta terimiga ragʻbatlantirish boʻyicha turli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri koʻngillilar orasidan otryadlar tuzish hisoblanadi. Mazkur otryad rahbarlariga paxta mavsumi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari fondi hisobidan otryad tomonidan terilgan 80 tonna paxta uchun 1 mln. soʻm miqdorida mukofot puli berish belgilangan. Paxta terimi yuqori koʻrsatkichda amalga oshirilgan taqdirda mukofot puli oyiga 2 mln soʻmdan koʻproqqa yetishi mumkin.
Shu munosabat bilan, bu yil paxta terimida ishlab topilgan mablagʻlarga hech qanday soliq solinmaydi.
Qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida
2018 yil 27 sentabr Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyev topshirigʻi boʻyicha vazirning birinchi oʻrinbosari E.Muxitdinov paxta yigʻim-terimi kampaniyasi monitoringini amalga oshirayotgan Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari va bir guruh huquq himoyachilari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda tomonlar paxta terimiga majburiy jalb qilish holatlarini aniqlash boʻyicha hamkorlik olib borishga kelishishdi.
Vazirlik huzurida paxta terimiga majburiy jalb qilish holatlarini aniqlash boʻyicha OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar monitoringini yurituvchi guruh tashkil etilgan.
Vazirlik mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasi “Mehnatga maʼmuriy tarzda majburlov” boʻyicha jarima miqdorini sezilarli darajada, yaʼni birinchi qonunbuzarlik holatida eng kam oylik ish haqining 25-50 barobari va takroriy holatda eng kam oylik ish haqining 50-100 barobari miqdorida oshirishga qaratilgan hujjat koʻrib chiqish uchun tayyorlanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi paxta terimiga majburiy jalb qilish holati kuzatilganda fuqarolar vazirlikning
+998712000601 raqami yoki @mehnathuquqbot telegram bot ishonch tarmoqlariga murojaat qilishlari zarurligini eslatib oʻtadi.

 

O’zA