Hayotimizni gaz, elektr energiyasi va suvsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Lekin xonadonimizdagi gaz plitasidan chiqayotgan “zangori olov” yoki uyimizni, koʻchalarimizni yoritayotgan elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash davlatga qanchaga tushishi haqida hamisha ham oʻylayvermaymiz.
Buni mamlakatimizda goʻyo tuganmasdek tuyuladigan tabiiy gaz zaxirasi misolida tahlil qilsak.
Bugungi kunda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati yurtimizning tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini toʻliq taʼminlabgina qolmay, bu yoqilgʻi umumiy hajmining 20 foizini xorijga ham eksport qilmoqda. Bir qarashda, hammasi koʻngildagidek.
Lekin, oxirgi 10 yilda mamlakatimiz sanoati va aholisining tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoji sezilarli darajada oshdi. Shu bilan birga, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining imkoniyatlari ham chegaralanmagan, chunki soʻnggi 35-40 yil ichida Koʻkdumaloq, Gazli, Shoʻrtan, Dengizkoʻl kabi asosiy gaz konlaridagi tabiiy zaxiralar kamaymoqda. Eski konlarda gaz qazib olishni bir maromda ushlab turish va yangilarini ishga tushirish murakkab va koʻp xarajat talab etadi. Gaz konlarini barpo etishning dastlabki bosqichida gazning plast bosimi 400-500 atmosferani tashkil etgan edi. Hozirgikunda mavjud konlarda bu koʻrsatkich oʻrtacha 25-40 atmosferaga qadar kamaygan. Tabiiy gazni gaz transport tizimiga tayyorlab, yetkazib berish uchun esa kamida 75 atmosferalik bosim kerak boʻladi.
Bosimni tabiiy gaz yetkazish uchun zarur darajada ushlab turish maqsadida 2000-2017 yillarda konlarda 66 agregatdan iborat 16 siqish kompressor stansiyalariqurilib, foydalanishga topshirildi. Bu ham, tabiiyki, ancha mablagʻ sarflashni talab etdi.
Oxirgi 10 yilda mamlakatimizda neft ishlab chiqarishning qariyb 4 baravar kamaygani oqibatida neft va neft mahsulotlari importi shuncha ortdi. Natijada “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining neft va neft mahsulotlarini import qilishga valyuta xarajatlari ham ancha oʻsdi.
Taʼkidlash joizki, ichki bozorda neft mahsulotlariga boʻlgan chakana narxlar dinamikasi jahondagi koʻrsatkichlardan orqada qolmoqda. Masalan, 1 litr A-91 benzinining oʻrtacha narxi Rossiyada 0,64, Qozogʻistonda 0,44, Qirgʻizistonda 0,63, Turkiyada 1,04, Xitoyda 1,09AQSH dollarini tashkil etgan bir paytda Oʻzbekistonda oʻrtacha 0,53 AQSH dollarida sotilmoqda.
Yana bir muhim jihat – tabiiy gaz va elektr energiyasining, tegishli ravishda ushbu energiya resurslarining narxlari oʻzaro bogʻliq. 2017-yildamamlakatimizda 61 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan, shundan 48,8 milliardi tabiiy gaz asosida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidir. Bunga 15,2 milliard kub metr gaz, yaʼni qazib olingan gaz umumiy hajmining 24 foizi sarflangan.
Shu tariqa, tabiiy gaz narxining oshishi bilan elektr energiyasi narxi ham oshadi. Bu esa iqtisodiyotda inflyatsiya koʻrsatkichlariga taʼsir qilmasdan qolmaydi.
Mavjud issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlarining aksariyati oʻtgan asrda barpo etilgan boʻlib, ular oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlgan. Ulardanortiqcha foydalanish tarmoqda ikki baravar koʻp yoqilgʻi sarflanishiga olib keladi. “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati quvvatlarining 80 foizi eskirgani bois, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali ularni modernizatsiya qilish zarur. Bu elektr energiyasi ishlab chiqarishni 1,5 baravar oshirishga xizmat qiladi.
Energiya resurslari tariflariga toʻxtaladigan boʻlsak, aholi uchun gaz va elektr energiyasi narxi oshganini eshitib, hayratlanamizmi? Albatta, yoʻq. Narxlarning oshganidan norozi boʻlamizmi? Ha. Narxlar oshishi sabablarini esa tushunishga, anglashga urinamizmi? Keling, oʻzimizni aldamaylik – yoʻq, urinmaymiz.
“Oʻzbekneftgaz” va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlari tizimidagi kompaniyalar deyarli davlatga qarashli, yaʼni ulardagi davlat ulushi 98 foiz ekani ham, aslida bizning baxtimiz. Ular aholi va iqtisodiyot uchun tabiiy resurslarni ishlab chiqarish bilan birga davlatga soliq toʻlashi, yangi loyihalarga sarmoya kiritishi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishi kerak, shunday qilmoqda ham.
Biz kelajakda farzandlarimiz, nabiralarimiz gaz va elektr energiyasi isteʼmoliga ikki-uch baravar koʻp haq toʻlamasligi uchun ularning haqini vaqtida toʻlashimiz lozim. Oʻzimizdan keyingi avlodlar haqida qaygʻurishimiz kerak. Buning uchun har birimiz tabiiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishimiz zarur. Ehtimol, buning uchun tariflarni xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda belgilash tizimini, ijtimoiy isteʼmol meʼyorining qatʼiy belgilangan miqdorini qayta koʻrib chiqish kerakdir.