Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida 27-sentyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi Daniya delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida delegatsiya aʼzolariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan tashqi siyosatni amalga oshirishdagi tamoyil va yondashuvlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
YEXHT Parlament Assambleyasi vakillari Oʻzbekistonda samarali boshqaruv tizimini joriy qilish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinligini taʼminlash boʻyicha ijobiy natijalarga erishilganini qayd etdi. Jamiyatda tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning barcha koʻrinishlariga qarshi kurashishning umumeʼtirof etilgan tamoyillari joriy qilinayotgani yuqori baholandi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tashqi va ichki siyosatida pragmatik va konstruktiv siyosatning olib borilayotgani mamlakat imijini mustahkamlash imkonini beradi.
Tadbirda Oʻzbekiston – YEXHT oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash va rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Peter Yuel Yensen boshchiligidagi YEXHT Parlament Assambleyasining Daniya delegatsiyasi aʼzolari “Taraqqiyot strategiyasi” markazida ham muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuvda markaz faoliyati, mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlarning borishi haqida soʻz yuritildi.
Mehmonlarga 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yilida amalga oshirish jarayoni haqida maʼlumot berildi.
Markazning faoliyat yoʻnalishlari, amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar, Davlat dasturida koʻzda tutilgan chora-tadbirlar bajarilishi boʻyicha jamoatchilik fikrining oʻrganilishi mehmonlarda qiziqish uygʻotdi.
Davlat organlari va fuqarolar oʻrtasidagi ochiq muloqotni taʼminlash mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi islohotlarning tub mohiyatini tashkil qiladi.
Muloqotda mamlakatimizda davlat idoralarining ochiqligini taʼminlash, fuqarolar huquqlarini himoya qilish borasida xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotgani taʼkidlandi. Qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarni jamiyatda kechayotgan oʻzgarish va yangilanishlarning toʻlaqonli ishtirokchisiga aylantirish kabi yoʻnalishlardagi ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Mehmonlar poytaxtimizdagi diqqatga sazovor joylarda boʻlib, istiqlolimiz tarixi, boy madaniy merosni asrab-avaylash yoʻlidagi ezgu ishlar bilan tanishdi.