Turkiy xalqlar va milliy folklorimiz namunalari
Mashhur adabiy tanqidchi, publitsist V.G.Belinskiy shunday yozadi: – Har bir xalqning o‘ziga xosligi faqat o‘ziga xos fikrlash tarzi va atrof-muhitdagi narsalarga munosabati, dini, tili va ayniqsa urf-odat va an’analarida aks etadi. Mazkur sifatlarni o‘zida mujassam etuvchi esa bu – xalq ijodiyoti, ma’lum xalqqa oid folklor namunalaridir.
Joriy yilning 27 noyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida “Folklor namunalarini qiyosiy o‘rganish masalalari” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bu boradagi masalalarning turkiy mamlakatlar miqyosi bo‘yicha ilmiy o‘rganilishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor N.Sayfullayev ushbu anjumanning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, Prezidentimizning “zamonaviy raqamli texnologiyalar O‘zbekistonning boy madaniy merosini o‘rganish, saqlash va xalqimiz hamda dunyoga yetkazishning eng muhim vositasiga aylanishi kerak” degan so‘zlarini, shuningdek, 2024 yilda YUNESKO ishlari boyicha Milliy komissiya yig‘ilishidagi “Arzon raqamli platformalar, elektron kataloglar, virtual ko‘rgazmalar va ta’lim resurslarini yaratish – bu yoshlarning madaniyatni chuqurroq o‘zlashtirishiga, jahon hamjamiyati esa xalqimizning betakror tarixini kashf yetishiga yo‘l ochadi” deb ta’kidlagan fikrlarini keltirib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, xalqimizning betakror madaniy-merosi va folklor namunalarini qiyosiy o‘rganish bugungi xalqaro anjumanning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Ma’lumki, o‘zbek va qoraqalpoq folklor namunalari rang-barang bo‘lib, ularning ayrim namunalari qo‘shni xalq folklorida ham uchraydi. Masalan, Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti professori S.Tleubayevning ilmiy ishida raqs san’ati butun turkiy davlatlar folklori va o‘zbek-qozoq folklor namunalari misolida ilmiy jihatdan qiyosiy o‘rganilgan.
Umuman, ko‘pchilik raqsshunos mutaxassislarning tadqiqotlarida “o‘zbek raqslarini o‘rganish XX asrning 30-yillaridan boshlandi”, degan fikr ilgari surilgan. Shu o‘rinda “Bayot”, “Namanganning olmasi”, “Otmagay tong”, “Tanovar”, “Munojot”, “Rohat”, “Ko‘ngil taronasi” va “Andijon polkasi” kabi o‘zbek musiqa va raqs san’atining merosiga aylangan raqslarni ta’kidlab o‘tish joizdir.
B.Tleubayeva o‘z ilmiy ishida qozoq folklor namunalarini turkiy mamlakatlar va jahon folklor an’analarini qiyosiy o‘rganib, ularning o‘zaro bog‘liqligi va o‘xshashligini tahlil qilgani nihoyatda o‘rinlidir.
Negaki, o‘zbek-qoraqalpoq va qozoq folklori namunalaridagi aksariyat an’analar ma’lum darajada bir-biriga yaqin. Masalan, ushbu xalqlarning to‘y-marosimlari va undagi ko‘ngilochar tomoshalar, shuningdek xalq an’analaridagi urf-odatlarning shaklan farq qilgani bilan umumiy maqsadining yakdilligini ko‘rishimiz mumkin.
Qozon davlat Madaniyat instituti professori A.Yenikeyevaning “Yedigedan Go‘ro‘g‘liga: Tatar va o‘zbek dostonlarida qahramonlarning yaratilishi” ma’ruzasi ham o‘zbek va qoraqalpoq folkloridagi qahramonlik dostonlariga hamohang. Ma’lum bo‘ladiki, Yedige, Go‘ro‘g‘li va Alpomish kabi dostonlarning variantlari qardosh turkiy xalqlar folklorida mavjud.
Anjumanda xorijiy davlatlarning yana bir nechta olimlarining ilmiy maqolalari tahlili ham shu masalalarga qaratilgan bo‘lib, ulardagi barcha masalalar folklor namunalarini har taraflama qiyosiy o‘rganishga qaratilgan. Shuningdek, anjuman davomida mahalliy olimlar tomonidan mavzu bo‘yicha tahlil qilingan qator salmoqli ilmiy maqolalar e’lon qilindi.
Umuman olganda, bugungidek globallashuv davrida folklor namunalarini mahalliy va xalqaro miqyosda o‘rganish, ularni kelajak avlodlarga zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda singdirish eng dolzarb vazifalarning biridir.
Quo‘anishbay Yusupov,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi
O‘zA