Tibbiyotda axborot tizimlari takomillashtirilmoqda

415

Nukus tumanida tibbiyot sohasini raqamlashtirish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, tumandagi tibbiyot birlashmasida “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari takomillashtirilib, “Yagona tibbiyot tizimi” yaratildi.

Tizimning joriy etilishi hisobiga, ilgari bemor shifokor qabulida 40 daqiqa kutgan bo‘lsa, shifokorga onlayn yozilish orqali kutish vaqti 10 daqiqaga tushdi va Dmed mobil platformasi orqali uyda o‘tirgan holda shifokor qabuliga navbatga yozilish mumkin.

Bemorlarning poliklinikaga kelishi natijasida to‘planadigan tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda saqlash imkoniyati yaratildi. Ya’ni topshirgan tahlillarining xulosasini bemor elektron dastur orqali olish imkoniyatiga ega.

Tizim Davlat personallashtirish markazi, MIS-2 va Elektron hukumat platformalari bilan integratsiya qilindi. Fuqaroning yuzini aniqlash dasturlari orqali darhol xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tilib, istalgan tibbiyot muassasasiga bemor haqidagi tibbiy ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratildi.

Yurtimizda tibbiyot sohasida yaratilayotgan bu zamonaviy imkoniyatlar ortiqcha ovoragarchilikni kamaytirishga asos bo‘lishi aniq.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi