Kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

509

Joriy yil 8-iyul kunidan boshlab Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026-o‘quv yili uchun qabul jarayonida bakalavriatning alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof o‘tishi deputatlar, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlardan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.

Imtihonlarning borishi internet tarmog’i orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga to‘g’ridan-to‘g’ri olib ko‘rsatilmoqda.

Abiturientlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun O‘zbekistonning turli ta’lim muassasalaridan, xususan, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Jizzax va Chirchiq davlat pedagogika universitetlari, shuningdek, Urganch, Buxoro, Termiz davlat pedagogika institutlaridan tajribali professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislar biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan har bir abiturientning tayyorgarligi xolisona baholanib, to‘plagan ballari darhol ma’lum qilinmoqda.

– Bugun nabiram institutning jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishiga amaliy imtihon topshiryapti. O‘zim shu institutni bitirib, o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Mana, bugun institutga kelib, bu erdagi o‘zgarishlarni, yaratilgan sharoitlarni ko‘rib ko‘nglim to‘ldi. Imtihon jarayonlari qanday o‘tayotganini ochiq, bevosita kuzatib turibmiz,-deydi Chimboy tumanidan kelgan M.Baltabaeva.

Ma’lumot uchun, joriy yilda Nukus davlat pedagogika institutida bakalavriatning jismoniy tarbiya, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 500 dan ortiq abiturientlar kasbiy (ijodiy) imtihonlarini topshirishi kutilmoqda.

Institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 11-iyul kuniga qadar davom etadi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi.