Toshkent viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan majburiy texnik koʻrikka taqdim etilmagan transport vositalarini aniqlash maqsadida tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Viloyat YHXB xabariga koʻra, bu kabi tadbirlar davomida 100 dan ortiq transport vositalari aholi xonadonlarida ehtiyot qismlar yetishmasligi sababli yoki foydalanish uchun umuman yaroqsiz holda saqlanayotgani aniqlanib, mulk egalariga bu turdagi transport vositalarini belgilangan tartibda Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) roʻyxatidan oʻchirish lozimligi tushuntirilib, tegishli taklif va tavsiyalar berilmoqda.
Xabarda taʻkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 31 yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi belgilangan:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar – bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) – ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek, ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) – bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi-shatakchisi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab, ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilmaydi (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari).
a) kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta – 1-mart – 30-iyunda;
ikkinchi marta – 1-sentyabr – 31-oktyabrda oʻtkaziladi.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-mart – 30-iyunda oʻtkaziladi.
Jismoniy shaxslarga qarashli transport vositalarining texnik koʻrigi 1-yanvar – 31-avgustda oʻtkaziladi.
Shunday boʻlsa-da, ayrim transport vositalari egalari tomonidan nomaʻlum sabablarga koʻra, transport vositasini majburiy texnik koʻrikka taqdim etilmaslik holatlari kuzatilmoqda.
Oʻz navbatida, majburiy texnik koʻrikdan oʻtmasdan harakatlangan haydovchilarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJTKning 125-modda, 3-qismi bilan tegishli choralar koʻrilmoqda.
OʻzA