Ochiqlik va oshkoralik. Shaffoflik. Soʻnggi ikki yil ichida bu tamoyillar Oʻzbekistonda olib borilayotgan xalqchil siyosatning asosiga aylandi…
Bu tezkor jarayonda turli sohalar va davlat idoralari oʻz faoliyatlarini xalq bilan muhokama qilib, yurtdoshlarimizning fikrlari asosida shakllantirayotganining guvohimiz. Qonun, kodeks, qarorlar boʻladimi, undagi masalalar, yangiligu-oʻzgarishlar obdon xalq elagidan oʻtib, foyda va ziyoni hisob kitob qilinib, tarozining pallasi kerak, degan tomonga bosgandagina qabul qilishga qaror qilinmoqda. Nega? Sababi oddiy. Barcha ishimiz ochiq va oshkora boʻlgandagina bizga, qilayotgan ishimizga ishonch paydo boʻladi. Korrupsiyaning oldi olinadi. Xorijdagi hamkor boʻlaman degan sarmoyadorlar ham hech ikkilanmay biz bilan aloqa oʻrnatishga harakat qiladi.
Bunday ochiqlik va shaffoflik moliyaviy masalalarda boʻlsa, avvalo, davlatning pulini qayerga va qay maqsadda sarflanayotgani-yu, uning hisobiga bajarilgan ishlarning sifati haqida xabardor boʻlib borish imkoni tugʻiladi. Buni oddiy til bilan aytganda, xalq nazorati deyiladi. Birgina davlat byudjetini olaylik. Yashirib nima qildik. Avvallari uning ochiqligi, daromadlar va xarajatlarning aniq-tiniq harakati haqida hattoki parlamentda oʻtirganlar ham batafsil qiziqmasdi. Jamoatchilik esa bundan mutlaqo bexabar edi. Davlatniki u yoqda tursin, mahalliy byudjetlarning mablagʻlari qayerga, nimaga sarflanayotganini bilmasdik. Alal-oqibat bu yashirin amaliyot byudjet mablagʻlarini sarflanishida korrupsiya holatlariga ham yoʻl ochib bergani koʻpchilik uchun sir emas.Xorijdagi investorlar esa byudjetimizning kirdi-chiqdisi haqida maʻlumot ololmagandan iqtisodiyotimizning barqarorligiga shubha bilan qarab kelardi. Oqibatda sarmoya kiritishga koʻpam shoshilmasdi.
Shu bois ham, Davlat rahbari mazkur muammolarni toʻliq bartaraf etish maqsadida “Byudjet maʻlumotlarini ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokini taʻminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Navbatdagi sharhimiz ana shu haqida.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil
multimedia markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi
OʻzA