Adabiyotga oshno insonlarning aksariyati bolalikda so‘z san’atining mo‘’jizakor dunyosiga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sehrli qalpoqcha”, “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Sariq devning o‘limi”, “Besh bolali yigitcha” kabi betakror asarlari orqali maftun bo‘lgan.

Milliy so‘z san’atimizning darg‘alaridan biri, bolalar adabiyotining yetuk namoyandasi Xudoyberdi To‘xtaboyev 1932 yili 17 dekabrda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tavallud topgan.

Uning bolalik va o‘smirlik yillari urush davriga to‘g‘ri keldi, ota-onadan erta yetim qoldi. Aynan bolalik davridagi og‘ir va mahzun hayotiy haqiqatlar keyinchalik adibning “Besh bolali yigitcha” asarida o‘zining yorqin ifodasini topgani ham bejiz emas.

Yozuvchi o‘rta maktabni tugatib, ToshDU – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetining logika-psixologiya bo‘limiga o‘qishga kiradi. Talabalik yillaridanoq badiiy ijodga qiziqadi.

Xudoyberdi To‘xtaboyev oliy o‘quv yurtini tugatgach, «Toshkent haqiqati», «Qizil O‘zbekiston» gazetalarida, «Guliston», «Gulxan», «Sharq yulduzi», «Yosh kuch» kabi jurnallarda, «Kamalak» nashriyotida ishladi. «Oltin meros» respublika jamg‘armasiga rahbarlik qildi.

Adib ijodining dastlabki davridanok hajvga, kulgiga moyil hikoya to‘plamlarini, qissa va romanlarini yaratdi. Uning birinchi hikoyalar to‘plami «Shoshqaloq» nomi ostida 1961 yilda e’lon qilindi.

Ustoz yozuvchining «Sehrli qalpoqcha», «Sariq devni minib» kabi asarlari 1968 yilda nashr etilib, dunyo xalqlarining 40 dan ortiq tiliga tarjima qilingan. Bu asarlar millionlab nusxalarda nashr etilgan.

Xudoyberdi akaning «Sariq devning o‘limi» (1973), «Besh bolali yigitcha» (1976), «Qasoskorning oltin boshi» (1981), «Yillar va yo‘llar» (1983), «Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida» (1986), «Mungli ko‘zlar», «Sir ochildi» (1964), «Omonboy va Davronboy sarguzashti», «Jannati odamlar» (1996), «Shoshqaloq», «So‘qmoqlar» va boshqa asarlari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.

Aytish kerakki, ustoz ijodkor gazetada mehnat qilgan chog‘ida o‘tkir va dolzarb mavzularda feletonlar yozgan jurnalist sifatida ham nom qozongan edi. Ayni shunday tanqidiy ruhdagi materiallar jamiyatdagi turli illatlarga barham berishda g‘oyat katta ahamiyat kasb etgan edi.

Mustaqillik yillarda adibning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon bo‘ldi. U yosh avlodni yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan asarlar yaratish barobarida adabiyot va kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga ham munosib hissa qo‘shdi.

Yozuvchi tajribali ijodkor, jonkuyar tashkilotchi sifatida ko‘plab yosh iste’dod egalariga ustozlik qildi.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘zbek adabiyoti va san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston xalq yozuvchisi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan edi.

Xudoyberdi To‘xtaboyev bolajonlarning samimiy va mehribon do‘sti, sevimli adibi sifatida ko‘pchiligimizning qalbimizda qolgan ijodkor.

N.Usmonova, O‘zA