Toshkent shahrida “Mintaqaviy energetika islohotlari: tartibga solish amaliyotini kuchaytirish” mavzusidagi tadbir o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbir ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev, Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim, Mintaqaviy energetikani tartibga soluvchi tashkilotlar uyushmasining rayosati a’zosi Diyetmar Preinstorfer va boshqalar energetika bozorini tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada xalqaro tajribani o‘rganish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb masalalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad manfaatdor tomonlar va ekspertlarni birlashtirish, mintaqaning barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishonchli, shaffof va samarali me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqishga ko‘maklashish, energetika sohasini tartibga soluvchi organlar o‘rtasida muloqot va tajriba almashishdan iborat.

Bugungi kunda O‘zbekiston hukumatining tegishli qarori bilan Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan mamlakatimizda elektr tarmoqlaridan oqilona va shaffof foydalanish shartlarini o‘rnatish orqali elektr energiyasi va boshqa yordamchi xizmatlarning raqobatli bozorlarida faoliyat sohasidagi munosabatlar tartibga solinishi belgilab qo‘yilgan. Tadbirda esa ushbu agentlik tomonidan bu borada olib borilayotgan dastlabki ishlar yuzasidan fikr almashildi hamda ishtirokchi xalqaro tashkilotlar tajribasi taqdim etildi.

– Bugungi uchrashuv ishtirokchilar, xususan, agentligimiz uchun har jihatdan foydali bo‘ldi. Chunki unda Gruziya, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning energetika bozorini tartibga solish bo‘yicha vakillari o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Aytish joizki, mamlakatimizda energetika sohasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, quyosh, shamol, gidro elektr stansiyalari, shuningdek, xususiy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarishdagi ulushini kengaytirishga keng yo‘l ochib berdi. Aynan shu jarayonda energetika bozorini tartibga solish masalasi muhim hisoblanadi. Albatta, mamlakatimizda bu sohada ishlarning dastlabki bosqichlari boshlangan. Bugungi tashkil etilgan uchrashuv bizning bu yo‘nalishdagi ishlarimizda amaliy yordam beradi va o‘zimizning dasturimizni ishlab chiqishda qo‘l keladi, – dedi Sh.Xo‘jayev.

Tadbirda ishtirokchilar tartibga soluvchi organlarni isloh qilish asoslari, energetika bozorining dinamikasi, barqaror energetikaga o‘tish, raqamlashtirish va innovatsiya kabi mavzular muhokamasiga keng urg‘u berdi.

Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim O‘zbekiston bilan ko‘plab sohalar qatorida energetika sektori bo‘yicha ham samarali hamkorlik qilib kelayotganini qayd etdi.

– Avvalo, bugungi tadbir barchamiz uchun hamkorlikni mustahkamlash va mavzu doirasidagi g‘oyalarimizni ilgari surishga imkoniyat yaratdi. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston hukumati energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Xususan, bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish choralari shulardan biridir. Umuman, mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish yaxshi natija beradi. OTB bu yo‘nalishda ham o‘z ko‘magini ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi tadbir ham hamkorligimizning bir qismi bo‘lib, u energetika bozorini rivojlantirish borasida boshlangan ishlarda o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatadi, – dedi Kanokpan Lao-Araya.

Tadbir ertaga o‘z ishini davom ettiradi.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA