Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi va Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan ushbu mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan o‘zbekistonlik yoshlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Elchi Olgan Bekar, Boshqarma raisi Abdulloh Eren bilan birga poytaxtimizda istiqomat qilayotgan 150 nafar bitiruvchi ishtirok etdi.
Muloqot davomida ma’lum qilinishicha, “Türkiye Bursları” stipendiya dasturi doirasida ushbu davlat 1992 yildan buyon jami 2640 yurtdoshimizga Turkiyada stipendiya bilan ta’lim olish imkoni yaratilgan. Ayni payt bunday o‘g‘il-qizlarimiz soni 370 nafar. Eng muhimi, bitiruvchilar ikki davlat ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani e’tirof etildi.
– Ma’naviyat poytaxtlaridan biri – Toshkentda o‘tkazilayotgan uchrashuv hamjihatlik, do‘stlik va birodarlikni mustahkamlaydi, – dedi Abdulloh Eren. – Dastur doirasida amalga oshiriladigan baholash jarayoni va maslahatlashuvlar turk dunyosi uchun foydali bo‘lishiga aminmiz. Ishchi tashrif doirasida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar diasporasi mas’ul vakillari 6-yig‘ilishida ham qatnashdik. Samarali muzokaralardan so‘ng “Vatandoshlar” jamoat fondi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Yoshlar ishlari agentligi bilan anglashuv memorandumlari imzoladik.
Darvoqe, so‘nggi yillarda Turkiyada o‘qish istagini bildirayotgan o‘zbekistonliklar ko‘paydi. 2024 yil diyorimizdan 2490 nafar yosh mazkur stipendiyaga hujjat topshirgan. Shu bois ikki davlat o‘rtasidagi jadallashayotgan munosabatga mos qizg‘in, har tomonlama samarali loyihalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olingan.
Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi huzurida faoliyat olib borayotgan dastur 184 davlat fuqarolari – Turkiyada oliy ta’lim olgan 150 mingdan ziyod bitiruvchilarni birlashtirgan tarmoqni qamragan. Ushbu jamoaga a’zo 133 ming yosh o‘zaro iqtisodiy, akademik, madaniy va ijtimoiy aloqani davom ettiryapti.
Yana bir muhim statistika: boshqarma 31 davlatdagi 35 uyushma va tashkilot bilan hamkor. Bugungi kunga qadar 62 mamlakatda 140 marta bitiruvchilar uchrashuvi o‘tkazilgan. Yurtimizda oxirgi marta 2022 yil noyabrda shunday yig‘in tashkil etilgan edi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatni yanada taraqqiy ettirish aynan yoshlarimiz qo‘lida, ularga sharoit yaratib berish esa bizning vazifamiz, – dedi Elchi Olgan Bekar. – Joriy yil 6 iyun kuni Prezident janob Shavkat Mirziyoyev raisligida Anqarada o‘tkazilgan Turkiya – O‘zbekiston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi 3-yig‘ilishi yakunida jami 18 ta yangi bitim imzolandi.
Anjuman ochiq, ko‘tarinki ruhda davom etdi. Diaspora, ta’lim va madaniy mobillik sohalarida amalga oshirilayotgan tadbirlarga bundan buyon ham yoshlarimizni keng jalb qilish taklifi ma’qullandi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA