O‘zbek va hind xalqlarini ko‘p asrlik tarix, ilmiy, adabiy-ma’rifiy va savdo munosabatlari bog‘lab turadi. Xalqlarimiz madaniy aloqalari uyg‘unligi hind xalqi tarixi haqidagi Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Muxtasar yoki Risolai Aruz” kabi bebaho asarlarda aks etgan. Yurtimizda hind xalqining taniqli namoyandalari Vivekananda, Mirzo G‘olib, Robindranat Tagor, Mahatma Gandi kabi shaxslarni yaxshi bilishadi.
Umuman, ko‘p asr avval ota-bobolarimiz tomonidan tamal toshi qo‘yilgan O‘zbekiston-Hindiston munosabati bugungi kunda ham o‘zaro ishonch va do‘stlik tamoyili asosida muvaffaqiyatli rivojlanyapti.
Kuni kecha Dehli shahrida Hindiston Madaniyat vazirligi huzuridagi “Sahitya” akademiyasida mamlakatimizdan borgan o‘zbek shoir va yozuvchilari, san’atimiz namoyandalari va olimlaridan iborat delegatsiya vakillari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirni mazkur akademiya rahbari K.Shrinivasa Rao ochib, o‘zbekistonlik ijodkorlar mavjud hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgani, yana bir bor o‘zbek san’ati va adabiyoti bilan yaqindan tanishish imkoni tug‘ilganidan mamnunlik izhor etdi.
Delegatsiyamiz a’zosi, jurnalist va tarjimon Asror Allayorov ikki mamlakat ijodkorlari va olimlarining bevosita muloqoti sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ochishda o‘zaro ko‘prik vazifasini o‘tashiga ishonch bildirdi.
Shundan so‘ng vakillarimiz navbat bilan o‘z ijod namunalaridan o‘qib berishdi. Ayniqsa, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubovaning milliy raqs san’ati, xususan lazgi haqidagi fikrlari hind san’atshunoslarida alohida taassurot qoldirdi.
– Hind va o‘zbek xalqlarining ildizlari teran, madaniyati mushtarak, – dedi Hindiston madaniy aloqalar konsulligi (ICCR) direktori o‘rinbosari Abhay Kumar O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Eng muhimi, aloqalarimiz rivoji yo‘lida adabiyot va san’atning o‘rni beqiyos. Biz uchun Markaziy Osiyo davlatlari adabiyoti va madaniyati juda qiziq. Masalan, o‘zbek raqs san’atining dovrug‘i bizga ma’lum. Millatingiz ushbu qadriyat bilan faxrlansa arziydi.
Anjuman doirasida o‘zbek ijodkorlarining bir necha badiiy va ilmiy asarlari akademiya kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar uchun Mahatma Gandi memorial muzeyi bo‘ylab sayr uyushtirildi.
Mazkur uchrashuv tafsilotini Hindistonning qator nashrlari, xususan “ETV Bharat News”, “Rudha News Express” kabi axborot portallari keng yoritdi.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA
Dehli, Hindiston