Nukus shahridagi “Muruvvat” nogironligi bor ayollar internat uyida “Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun” hamda “Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni” munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi hamda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bayrog‘imiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo totuvlik, biz erishayotgan yutuqlar va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch ramzi sifatida qalbimizga tuganmas iftixor bag‘ishlaydi. Shuning uchun ham davlat ramzlari, shu jumladan, bayroq har birimiz uchun muqaddasdir.

Xalqaro  va alohida davlatlar darajasida olib borilayotgan ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash va uning oldini olish global miqyosda inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlashning muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

Tadbir davomida har bir ayol tazyiqlarsiz baxtli hayot kechirishga haqli ekanligi, ularga nisbatan zo‘ravonlik uchun qonunchilikda jazo choralari belgilanganligi tushuntirildi.

Tadbir yakunida mas’ullar bu yerda tarbiyalanuvchi ayollarning qo‘l mehnati asosida yaratilgan san’at asari darajasidagi ijod namunalari bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri