Madaniy tadbir doirasida o‘zbek san’atkorlari ishtirokidagi gala-konsert tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ashxobod shahrining Maqom markazi saroyida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari qadim tarixga ega ekanini ta’kidladi.

Kechada e’tirof etilganidek, o‘zbek va turkman xalqlari yaqin do‘st, ahil qo‘shni, strategik hamkor sifatida mushtarak maqsadlar bilan yashab kelmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning ildizi uzoq tarixga borib taqaladi va o‘zaro hurmat, ishonch asosiga qurilgani e’tiborga molik.

Ikki do‘st davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilagan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirildi.

Turkmanistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida o‘zbek san’at ustalari ishtirokidagi gala-konsert, amaliy san’at ko‘rgazmasi, O‘zbekiston va Turkmaniston yozuvchi va shoirlarining “Maxtumquli Firog‘iy va uning jahon adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.

Ashxoboddagi “Toshkent” bog‘ida konsert dasturi, milliy liboslar namoyishi, amaliy san’at ko‘rgazmasi madaniy tadbirlari, Turkmaniston hamda O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokidagi gala-konsert o‘tkazish rejalashtirilgan.

N.Usmonova, O‘zA