Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP29 konferensiyasi doirasidagi tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining raqamlashtirish va axborot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi Bobur Rahimov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Tadbir doirasida interaktiv muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan forum tashkil etildi. Tadbir davomida soha vakillari xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Yashil texnologiyalarni kengaytirish, ilg‘or boshqaruv modellarini rivojlantirish va davlat xizmatlarini ekologik hamda ijtimoiy barqarorlikka moslashtirish masalalarining muhimligi qayd etildi.

Ma’lumot  o‘rnida  aytish lozimki, ushbu tashrif Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xuzuridagi Davlat xizmatlari va ijtimoiy innovatsiyalar agentligi raisi Ulvi Mehdiyevning taklifiga binoan amalga oshirildi. Mazkur forum O‘zbekiston delegatsiyasi uchun xalqaro tajriba almashish, ekologik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun muhim platforma bo‘ldi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA