Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari bu yilgi parlament saylovlarining eng muhim jihatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Avvalo, ular yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq o‘tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi. Huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi.
Bundan tashqari, o‘tgan sakkiz yillik davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi.
Bularning barchasi aralash saylov tizimini joriy etishga mustahkam zamin yaratdi. Ko‘plab davlatlarda bunday islohotlarni o‘tkazish uchun o‘n yillar kerak bo‘lgan. Shu ma’noda, O‘zbekiston aralash saylov tizimini qisqa fursatda, dadil joriy etishga erishgan kam sonli mamlakatlardan biri, deyishga munosibdir.
Yangi tizim har bir saylovchining ovozi Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rni uchun muhim ekanini, bu borada adolat tamoyili yanada kuchayganini ham ko‘rsatdi.
O‘zA