Toshkent shahrida yangi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Majlisga raislik qilish vakolati Reglamentga asosan Qonunchilik palatasining yangi saylangan Spikeriga o‘tdi va Nuriddin Ismoilov majlisni olib borishni davom ettirdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari Siyosiy partiyalar vakillari kengashining tavsiyasiga asosan Qonunchilik palatasi tomonidan saylanadi.

Ushbu Qonunga ko‘ra Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni, qoida tariqasida, 2 nafardan oshmasligi kerakligi belgilangan.

Siyosiy partiyalar vakillari kengashi qarorini Siyosiy partiyalar vakillari kengashi raisi Aktam Xaitov o‘qib eshittirdi.
Unga ko‘ra, O‘zLiDePdan saylangan deputat Mavluda Xo‘jayeva Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari etib ko‘rsatildi va ovoz berish yo‘li orqali saylandi.

Shundan so‘ng, O‘zLiDePdan saylangan deputat Rahimjon Hakimovni Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari etib ko‘rsatildi va ovoz berish yo‘li orqali saylandi.

O‘zA