O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni  Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari Arab-islom qo‘shma sammitida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Sammit Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etildi. Mazkur anjumanning Arab-islom qo‘shma sammiti deb nomlanishiga o‘tgan yili Arab davlatlari uyushmasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining alohida sammitlarining birgalikda o‘tkazilgani sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, ushbu ikki tashkilotning oliy darajadagi majlislarini Arab-islom qo‘shma sammiti nomi ostida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Tadbirda Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika qit’asining yetakchi mamlakatlarining davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Unda Yaqin Sharq muammosini hal qilish, xususan, Isroilning Falastin va Livandagi harbiy harakatlarini to‘xtatish yuzasidan oliy darajada fikr almashildi.

Kun tartibiga muvofiq, xalqaro hamjamiyatning G‘azo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston va arab davlatlari xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va an’analar, muqaddas islom dinimiz ularning asosini tashkil etadi. Hozirgi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston arab davlatlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  BMT Bosh Assambleyasi minbari, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar sammitlarida Yaqin Sharqdagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish va mamlakatimizning bu boradagi pozitsiyasini ochiq oydin ta’kidlab kelmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu mintaqadagi mojaro tobora keskinlashib borayotgani, bu esa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlarning mazkur muammo domiga tortilishi oqibatida global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib ketishi mumkinligini tashvish bilan qayd etyapti.

Navbatdan tashqari Arab-islom qo‘shma sammitida nutq so‘zlagan davlatimiz rahbari global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga bag‘ishlangan sammitni tashkil etgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saudga alohida minnatdorlik bildirdi. O‘tgan  yili Ar-Riyod shahridagi yig‘ilishdan keyin o‘tgan vaqt mobaynida ushbu urush ko‘lami yanada kengayib, Livan hududini ham qamrab olgani afsus bilan qayd etildi. Shavkat Mirziyoyev Falastin-Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Sammitda global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilishiga ishonch bildirildi. Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining doimiy e’tibor markazida turishi zarurligi qayd etildi. Qadimiy va boy tarixga ega Falastin xalqi 1967 yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli ekani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidladi. Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi. Prezidentimiz muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini ta’minlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Ayni damda jahonning yetakchi ekspertlari  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqiga yuqori baho bermoqda.

Misrning “Sada El-Balad” axborot agentligi bosh muharriri Muhammad Vadi “Dunyo” AA uchun intervyusida: «Sammitning asosiy masalalari, xususan, arab-isroil mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish, Falastin xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish va Quddusdagi qadimiy obidalarni asrab-avaylash bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasi nihoyatda mutanosib va konstruktivdir», – dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonining bayonoti falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan oluvchi ko‘plab davlatlarning pozitsiyasini mustahkamlaydi hamda xalqaro tamoyillar va huquqlarga to‘la mos keladi. Ikki davlat konsepsiya dunyoning yetakchi poytaxtlarida qo‘llab-quvvatlanyapti. Bu pozitsiya mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanligini aks ettirgani uchun ijobiy baholanmoqda. O‘zbekistonning ikki davlat yaratish yo‘li bilan mojaroni hal qilish bo‘yicha Global alyansni tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdagi ishtiroki ham e’tiborga loyiq. O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlashi — bu hamjihatlik va siyosiy yordamdan dalolatdir. Rasmiy Toshkentning urushda jabrlangan falastinliklarga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi tashabbusi islom olami birligining muhim ishorasiga aylandi. Ushbu muhim tashabbuslar Yangi O‘zbekiston rolini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

San-Pablo universiteti professori Antonio Alonso (Ispaniya)ning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning navbatdan tashqari Arab-islom sammitidagi nutqi O‘zbekistonning murakkab Falastin-Isroil mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishga intilishi qat’iy ekanini namoyon etdi. O‘zbekiston rahbarining BMT va Xavfsizlik Kengashiga mojaroni keskinlashtirish masalasiga ustuvor ahamiyat berishga chaqiruvi, shubhasiz, ijobiy o‘zgarishlarga umid baxsh etadi.

«Gumanitar yordam ko‘rsatishni kengaytirish chaqirig‘i, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolash taklifi mamlakat hukumatining insonlar taqdiriga samimiy qayg‘urayotganidan dalolat beruvchi amaliy qadamdir», – deydi ispaniyalik ekspert va so‘ziga qo‘shimcha qilgan holda: «umuman olganda, O‘zbekistonning Ar-Riyodda o‘tgan sammitdagi ishtiroki bu davlatning nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlash masalalariga mas’uliyatli va pragmatik yondashuvidan guvohlik beradi», – deya ta’kidlaydi.

Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti yetakchi ilmiy xodimi Su Channing ta’kidlashicha, O‘zbekiston rahbarining Falastin muammosiga bag‘ishlangan sammitdagi ma’ruzasi bugungi kunda xalqaro hamjamiyat oldida turgan eng dolzarb va murakkab masalalarni kun tartibiga ko‘tarib, global siyosat kontekstida alohida ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston yetakchisi 2023 yilda Ar-Riyoddagi so‘nggi uchrashuvdan buyon mojaro ko‘lami yanada kuchayib, minglab begunoh odamlarning hayotiga zomin bo‘lganini, hayotiy muhim infratuzilmani vayron qilganini to‘g‘ri ta’kidladi.

Malaya universiteti qoshidagi Osiyo va Yevropa instituti direktori o‘rinbosari Roy Entoni Rojersning ta’kidlashicha, shubhasiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqida O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatning nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishga intilayotgan faol ishtirokchisi sifatidagi pozitsiyasi o‘z ifodasini topgan. Uning 1967 yilgi chegaralar asosida mustaqil Falastin davlatini tuzishga chaqiruvi xalqaro rezolyutsiyalarga mos keladi va bu yondashuvning qonuniyligini ta’kidlaydi. Qolaversa, bu uzoq yillik mojaroning yagona adolatli va barqaror yechimidir.

«Gumanitar fojia va halokatli hujumlarni qoralash O‘zbekistonning jabrlanganlar bilan birdamligini va gumanitar qadriyatlarga sodiqligini namoyish etadi. Rasmiy Toshkentning ushbu pozitsiyasi uning Falastin inqirozini hal qilish va tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga strategik yondashuvini ta’kidlaydi. Bu ham O‘zbekistonning muloqot va hamkorlik orqali Yaqin Sharqda barqarorlik va tinchlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynashga tayyorligini ko‘rsatadi», – deydi Roy Entoni Rojers. Uning fikricha, O‘zbekiston Prezidentining urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni mamlakat shifoxonalarida bepul davolashga tayyorligi haqidagi tashabbusi alohida e’tiborga loyiqdir.

Jenmin universiteti huzuridagi Rossiya tadqiqotlari markazi (Xitoy) direktori o‘rinbosari, professor Van Syanszyuyning qayd qilishicha, o‘sib borayotgan gumanitar inqiroz sharoitida Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamjamiyatni chora ko‘rishga chaqirmoqda. O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatning Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash va insonparvarlik yordami ko‘rsatishga tayyorligi to‘g‘ri yo‘nalishdagi muhim qadamdir. Falastinliklarning poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat qurish huquqlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash ham o‘nlab yillar davom etgan ushbu mojaroga adolatli yechim topishda muhim qadam hisoblanadi.

«O‘zbekiston rahbari Toshkentning mojaroni diplomatik va tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha pozitsiyasini bayon qildi, bu Xitoy pozitsiyasiga o‘xshaydi. Xitoy, shuningdek, barcha tomonlarni zudlik bilan, keng qamrovli va barqaror otashkesimga erishish uchun harakat qilishga chaqiradi, Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligini qo‘llab-quvvatlaydi, Falastinning qonuniy milliy huquqlarini tiklash va Yaqin Sharqda uzoq muddatli tinchlik kelishuviga erishish uchun “Ikki xalq uchun ikki davlat” rejasini qayta tiklash tarafdori» – deydi xitoylik ekspert.

Shuni ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari oliy darajadagi anjumanlarda hamisha  Yaqin Sharqdagi voqea-hodisalarga e’tibor qaratib keladi. Xususan, 2023 yil 9 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida davlatimiz rahbari o‘tkir xalqaro va mintaqaviy muammolarga, shu jumladan Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, tinchlik muzokaralarini boshlash va oqilona murosaga kelishga chaqirdi. Falastin xalqi BMT rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan o‘zining mustaqil davlatini barpo etishga huquqi borasidagi O‘zbekistonning qat’iy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev shu yilning 24 oktyabr kuni Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “BRIKS plyus” anjumanining yalpi majlisidagi nutqida ham mazkur muammoga to‘xtalar ekan: “Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi. Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘lib qolmoqda”, degan edi.

Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining shu yil 6 iyul kuni bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammiti O‘zbekistonning ushbu muammo bo‘yicha aniq fikri yana bir karra tasdiqlandi. Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni ta’minlashning eng asosiy sharti ekanligi alohida urg‘ulandi. Shu yilning  6 noyabr kuni Bishkek shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ham Yaqin Sharq muammosi muhokamalarning asosiy mavzusi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti mazkur sammitdagi nutqida Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlardan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olganini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 31 oktyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga 1,5 million dollar ajratish haqida qaror qabul qilganini ma’lum qilgandi edi. «Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz», – degan edi O‘zbekiston Prezidenti.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbarining Arab-islom qo‘shma sammitida ishtirok etishi dunyoda kechayotgan global chaqiriqlarni muvaffaqiyatli hal etish, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, xalqaro munosabatlardagi zamonaviy murakkab jarayonlarning kelgusi rivojini chuqur anglash, shu bilan birga, xalqaro masalalarni hal etishda chinakam xohish va intilish namoyon ekanligidan darak berdi.

 Sharofiddin To‘laganov